РУССКИЙ  |  O'ZBEKCHA  |  ENGLISH                          

       O'zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi

TURKIYA PREZIDENTINING MAMLAKATIMIZGA TASHRIFI SAMARALI VA MAZMUNLI BO‘LDI

02
May 2018
970 marta ko'rildi

TURKIYA PREZIDENTINING MAMLAKATIMIZGA TASHRIFI SAMARALI VA MAZMUNLI BO‘LDI

Concrete Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on 29-aprel – 1-may kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

Tashrifning uchinchi kuni oliy martabali mehmon Buxoro viloyatiga keldi.

Buxoro xalqaro aeroportida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kutib oldi.

Buxoro viloyatida ushbu tashrifga alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Ko‘chalar ikki mamlakat davlat bayroqlari bilan bezatilgan, rang-barang pannolarga xalqlarimiz do‘stligi va qardoshligini tarannum etuvchi so‘zlar yozilgan.

O‘zbek va turk xalqlari tarixi asrlar davomida shunday mustahkam ildizlar bilan bog‘langanki, ularni bir-biridan ayro tasavvur qilish mushkul. Turk xalqi O‘zbekiston zaminini muqaddas deb biladi va uni “ota yurt”, deb e’zozlaydi. Qardosh turk xalqining diyorimiz va xalqimizga bo‘lgan cheksiz mehri va hurmatini anglash, his qilish uchun shuning o‘zi yetarli.

O‘zbekiston zaminida tug‘ilib o‘sgan, jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlarni Turkiyada yaxshi bilishadi va qadrlashadi. Butun musulmon olamida mashhur alloma, naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan biridir.

Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on Buxoro viloyatiga tashrifini Bahouddin Naqshband majmuasini ziyorat qilishdan boshladi.

Ulug‘ alloma ruhi pokiga Qur’on tilovat qilindi.

Oliy martabali mehmonga tariqat asoschisining hayoti, islom dini rivojiga qo‘shgan hissasi, mustaqillik yillarida majmuada amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari haqida ma’lumot berildi.

O‘tgan yili majmua hududida Prezident tashabbusi bilan Mir Arab oliy madrasasi faoliyat boshladi. Turkiya Prezidentiga O‘zbekiston musulmonlari idorasiga qarashli ushbu madrasa tarixi va faoliyati haqida so‘zlab berildi.

Bugungi kunda mamlakatimizda islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini targ‘ib etish, ilm-fan va dinimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalar merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etilmoqda.

Oliy martabali mehmon O‘zbekiston buyuk allomalarga beshik bo‘lgan muqaddas zamin ekani, xalqimiz tarixi, boy ma’naviy merosiga g‘oyat hurmat bilan qarashini ta’kidladi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘on Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamrohligida Buxoro shahridagi Ark qo‘rg‘onini tomosha qildi.

Azaldan G‘arb bilan Sharqni bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahasida joylashgan Buxoro boy va shonli tarixga ega. Ushbu tarix xalqimizning o‘tmishdagi turmush tarzi, bunyodkorligi, xorijiy davlatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy aloqalaridan guvohlik beradi. Ark qo‘rg‘onida joylashgan viloyat o‘lkashunoslik muzeyida namoyish etilayotgan minglab eksponatlar, arxeologik buyumlar ham shu haqda hikoya qiladi.

Ikki davlat rahbarlari mazkur muzey faoliyati bilan tanishdi, bu yerdagi noyob osori-atiqalarni ko‘zdan kechirdi, muzey qo‘riqxona hududidagi jome’ masjidida bo‘ldi.

Qo‘rg‘on markazida saqlanib qolgan qabulxona – marosimxonada viloyat san’atkorlari tomonidan xalqlar do‘stligini tarannum etuvchi milliy kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Prezidentlar Ark qo‘rg‘oni yaqinidagi Poyi Kalon majmuasida ham bo‘ldilar.

Buxoro zaminining har qarichi tarix. Qadimiy obidalar ajdodlarimizning buyuk yaratuvchilik dahosi va ma’naviy qudratidan so‘zlaydi. XII va XVI asrlar oralig‘ida bunyod etilgan Minorai Kalon, Masjidi Kalon va Mir Arab madrasasi o‘zining betakror me’moriy yechimi, mahobati va jozibasi bilan har qanday kishini maftun etadi.

Minorai Kalon arxitekturaviy yechimi bo‘yicha dunyodagi kam sonli tarixiy obidalardan biridir. U qariyb 900 yil davomida ne-ne taloto‘plarga guvoh bo‘lgan. Xalqimiz qudratining o‘lmas ramzi sifatida bugun ham barchani hayratga solayotir.

Mir Arab madrasasida o‘tganlar xotirasiga Qur’on tilovat qilindi.

XVI asrda tashkil etilgan Mir Arab madrasasida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘z vaqtida sobiq sho‘ro davlati hududidagi yagona islom ta’lim muassasasi bo‘lgan. Hozirgi paytda bu yerda yoshlarimiz diniy va dunyoviy bilimlarni, xorijiy tillarni puxta o‘zlashtirmoqda.

Oliy martabali mehmon Buxoro shahrining tarixiy qismida zardo‘zlik, zargarlik, gilamdo‘zlik, kashtachilik, kulolchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi bilan tanishdi.

Buxoroning tarixiy va me’moriy obidalari, milliy hunarmandlik mahsulotlari turkiyalik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Shu bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘onning mamlakatimizga davlat tashrifi yakuniga yetdi.

Buxoro xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuzatib qo‘ydi.

Ma'lumot manbai: uza.uz

Oxirgi o'zgartirish Chorshanba, 02 May 2018 16:32

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Ishonch telefoni bo'yicha murojaatlar statistikasi

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ishonch telefoni orqali 2018 yil I yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko'rib chiqish yuzasidan ma'lumot

Yangiliklar taqvimi

« Dekabr 2018 »
Dush Sesh Chor Pay Jum Shan Yak
          1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31            

Ishonch telefonlariga bo'lgan qo'ng'iroqlarni baholash statistikasi

Axborot-hisoblash markazining tezkor aloqa raqami (0-371) 239 15 62

Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazining "UzASBO va "DMBAT" dasturiy majmualari bo'yicha "Tezkor aloqasi"

Obuna bo'lish

Statistika

Hozir 855 mehmonlar va ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi yo'q saytda

Arxiv

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, sichqoncha bilan belgilab, administratorni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

© 2018 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan olingan
ma'lumotlardan foydalanilganda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb sayti 
www.mf.uz ko‘rsatilishi shart. Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi AHM tomonidan amalga oshiriladi

Our website is protected by DMC Firewall!