РУССКИЙ  |  O'ZBEKCHA  |  ENGLISH                          

       O'zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi

YANGI LOYIHALAR ODAMLAR TURMUSH DARAJASINI YANADA YUKSALTIRISHGA XIZMAT QILADI

16
Noyab 2018
1259 marta ko'rildi

YANGI LOYIHALAR ODAMLAR TURMUSH DARAJASINI YANADA YUKSALTIRISHGA XIZMAT QILADI

Concrete

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan islohotlar, olib borilayotgan bunyodkorlikishlari, yirikloyihalarbilan tanishish maqsadida 15-noyabr kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari Qoraqalpogʻistonga tashriflari chogʻida hudud iqtisodiyotini rivojlantirish, ijtimoiy sharoitlarni yaxshilash boʻyicha tizimli chora-tadbirlarni belgilab bergan edi. Oʻtgan davrda hududda qator loyihalar hayotga tatbiq etildi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida keng koʻlamli obodonlashtirish ishlari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz dastlab Nukus xalqaro aeroportida amalga oshirilgan modernizatsiya ishlarini koʻzdan kechirdi. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil yanvar oyidagi tashrifi chogʻida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida bu yerda qariyb 80 milliard soʻmlik ish bajarilgan. Aeroport binosi rekonstruksiya qilinib, terminal kengaytirilgan, zamonaviy jihozlangan. 

Shavkat Mirziyoyev Nukus xalqaro aeroporti Qoraqalpogʻistonni iqtisodiy rivojlantirish, biznes aloqalarni kengaytirish, turistlar oqimini koʻpaytirishga xizmat qilishini taʼkidladi. 

Prezidentimiz Moʻynoq tumaniga tashrif buyurdi. 

Keyingi yillarda hududdagi ekologik holatni yaxshilash, aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlash, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha bajarilgan manzilli chora-tadbirlar natijasida odamlar turmush darajasi sezilarli oshdi. 

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 28-fevraldagi“2017-2018 yillar davrida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq toʻqimachilik, farmatsevtika va elektrotexnika mahsulotlari, tomchilab sugʻorish uskunalari, plastmassa quvurlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi, baliqchilik va turizmni rivojlantirish boʻyicha imkoniyatlar ishga solindi. 

2019-yilda Moʻynoq tumanida yana koʻplab – sanoat sohasida 12 ta, qishloq xoʻjaligida 5 ta, xizmat koʻrsatish boʻyicha 14 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ijtimoiy soha obyektlari qurish va taʼmirlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgan. Shavkat Mirziyoyev ushbu loyihalar bilan tanishdi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi taqdimotida uning hudud ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi ahamiyati alohida taʼkidlandi. Ushbu innovatsiya markazi Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 24 avgust kuni boʻlib oʻtgan Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining majlisida bildirgan tashabbusi natijasidir. Oʻshanda Prezidentimiz Orolboʻyi hududiga innovatsion yechimlar va xorijiy investitsiyalarni jalb etish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish va boshqa masalalar boʻyicha muhim takliflarni ilgari surgan edi. 

Koʻp oʻtmay, 2018-yil 16-oktyabr kuni Islom taraqqiyot banki va Shoʻrlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazining ilmiy-texnik koʻmagida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tashkil etildi. Orol dengizining qurib qolgan qismidagi shoʻrlangan yerlarda ilmiy-tadqiqot va amaliy ishlar koʻlamini kengaytirish, ekotizimni yaxshilashga ilgʻor tajribalar va innovatsiyalarni joriy etish, sahroni daraxtzorga aylantirish, qurgʻoqchilikni boshqarish, chorvachilikni rivojlantirish kabi vazifalar uning asosiy maqsadi etib belgilandi. 

Hozirgi kunda bu maqsadlar uchun Innovatsion rivojlanish vazirligi, xalqaro tashkilotlar, jumladan, Fransiya taraqqiyot agentligi mablagʻlari yoʻnaltirilmoqda. 

Hudud hayoti uchun yana bir ahamiyatli loyiha Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan Orol dengizining qurigan tubida 500 ming gektar oʻrmon barpo etish loyihasidir. Shu paytgacha yaratilgan yaylovlar buning imkoni borligini koʻrsatmoqda. Yaqin uch yilda yana 500 ming gektar maydonda oʻrmon barpo etilishi Orolboʻyidagi ekologik va iqtisodiy holatni ancha yaxshilaydi. Tuz uchishi va yerning shoʻrlanishi kamayib, chorvachilik uchun ulkan ozuqa manbai yaratiladi. 

Davlatimiz rahbari mazkur rejalarni maʼqullab, ularni tez vaqtlarda amalga oshirish va yanada rivojlantirish uchun zarur koʻmak berilishini taʼkidladi. Moʻynoqning mavjud salohiyati, tabiiy imkoniyatlaridan foydalanib, kerakli mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha topshiriqlar berdi. 

Masalan, Moʻynoqda qamish koʻp. Uni qayta ishlaydigan korxonalar tashkil etib, bozorbop qurilish materiallari tayyorlash, yoshlarni ish bilan taʼminlash mumkin. Hududning yana bir imkoniyati – suv havzalari. Ularda baliqchilikni rivojlantirish, baliqni qayta ishlab sotish orqali oilalarga baraka kiradi. 

Moʻynoqda chorvachilik, ayniqsa, echkichilikni rivojlantirish ham mumkin. Echki har qanday muhitga yaxshi moslashadi, ozuqa tanlamaydi. Uning junidan kundalik ehtiyoj tovarlari tayyorlab sotish xotin-qizlar uchun ish oʻrni boʻladi. 

Orol fojiasidan eng koʻp zarar koʻrgan asli shu – Moʻynoq aholisi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ularning sabr-qanoati, vatanparvarligi, mehnatkashligi uchun rahmat aytishimiz, shunga munosib xizmat qilishimiz kerak. 

Shu bois Prezidentimiz kelgusi ikki yilda Moʻynoqda 20 ta koʻp qavatli uy qurish, yangi shaharcha barpo etish boʻyicha topshiriq berdi. Bu yerda zamonaviy shaharsozlikdagi barcha yangiliklarni joriy etish, namunaviy infratuzilma yaratish zarurligini taʼkidladi. 

Ekologiya muzeyi zalida mahalliy aholi vakillari bilan boʻlib oʻtgan muloqotda ana shu ulkan rejalar haqida soʻz bordi. Shavkat Mirziyoyev Moʻynoq rivojida yangi davr boshlanishi, zamonaviy uy-joylar va korxonalar qurilishi, tuman yoshlarining oliy oʻquv yurtlariga kirishi uchun imtiyozlar berilishini taʼkidladi. Oʻzbekiston Prezidentining tashrifi, tumanni har tomonlama rivojlantirishga qaratayotgan eʼtibori moʻynoqliklarga katta quvonch bagʻishladi. 

Davlatimiz rahbari Qanlikoʻl tumanida barpo etilgan “Kanteks invest” toʻqimachilik korxonasi bilan tanishdi. 

Prezidentimizning 2017-yil yanvar va dekabr oylarida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi chogʻida Qanlikoʻl tumanida yirik toʻqimachilik korxonasi tashkil etish loyihasi taqdim etilgan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida korxona uchun 10 gektar yer ajratilib, bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Korxonani barpo etish yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda tajribali boʻlgan “Kanteks invest” MCHJ tomonidan amalga oshirildi. Natijada yaydoq yerda zamonaviy toʻqimachilik fabrikasi qad rostladi. 

Ayni paytda korxonaga Germaniya, Shveysariya, Turkiya va Hindistondan soʻnggi rusumdagi toʻqimachilik dastgohlari keltirilib oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. 

Loyiha qiymati 38,7 million AQSH dollari boʻlgan korxonani kelasi yil birinchi choragida ishga tushirish moʻljallangan. Bu yerda dastlabki bosqichda yiliga 11 ming tonna sifatli ip-kalava ishlab chiqariladi. 2020-yilda roʻyobga chiqariladigan navbatdagi bosqichda toʻqimachilik matosi tayyorlash, 2021-yilda amalga oshiriladigan uchinchi bosqichda boʻyash va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. 

Korxona toʻla quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga qiymati 25 million AQSH dollaridan ziyod mahsulotni eksport qilish imkoniyati paydo boʻladi. 

Davlatimiz rahbari korxonaning ishlab chiqarish binosi, toʻqimachilik dastgohlarini koʻzdan kechirdi, taʼsischilar bilan suhbatlashdi. 

650 ga yaqin kishi ish bilan taʼminlanadigan fabrika uchun bugungi kunda ishchilar tanlab olinib, shu yerning oʻzida tashkil qilingan oʻquv markazida oʻqitilmoqda, shuningdek, boshqa hududlardagi korxonalarda bilim va malakasi oshirilmoqda. 

Shu yerda Qoraqalpogʻiston Respublikasini rivojlantirishga qaratilgan iqtisodiy loyihalar taqdimoti oʻtkazildi. 

Qoraqalpogʻiston Respublikasida ip-kalava eksportini kamaytirish, jinsi matosi, momiq sochiq va boshqa tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, ekin maydonlarini klasterlarga berish, hosildorlik va rentabellik darajasini oshirish haqida soʻz bordi. Qizilmiya va boshqa dorivor oʻsimliklar yetishtirish va qayta ishlash tashkilotlari uyushmasining amalga oshirilayotgan investitsiyaloyihalari, jumladan, noyabr oyida faoliyat boshlagan “Lanko Miya” MCHJ qoʻshma korxonasida qizilmiya ekstraktidan Yevropa bozori uchun moʻljallangan qandolat mahsulotlari, shokolad uchun ingredentlar ishlab chiqarish loyihasi davlatimiz rahbarida katta qiziqish uygʻotdi. Qoraqalpogʻistonda qizilmiya plantatsiyalarini koʻpaytirish, xorijiy sheriklar bilan vodorod-peroksid zavodini ishga tushirish, investorlar uchun bojxona toʻlovi, mahsulotni standartlashtirishni yengillashtirish, “Nukus-farm” EIZda investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan tavsiyalar berildi. 

Oʻzbekistonning Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Kuvaytdagi elchixonalari tomonidan ushbu davlatlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimotning eʼtiborli jihati boʻldi. Prezidentimiz topshirigʻi asosida elchilarimiz tomonidan ushbu mamlakatlar bilan Qoraqalpogʻistonda yirik loyihalarni amalga oshirishga kirishilgani, jumladan, jalb qilinayotgan investitsiyalar hisobiga zamonaviy avtomatlashgan sement va lok-buyoq zavodlari ishga tushirilishi va boshqa katta hajmli loyihalarni tatbiq etishga kirishilgani qayd etildi. 

Qoraqalpogʻiston kelgusi 2-3 yilda butunlay oʻzgarishi kerak. Elchilar kelib, bu yerda uy-joy, yoʻl infratuzilmasi, taʼlim, ijtimoiy soha, suv taʼminoti kabi yoʻnalishlar boʻyicha investitsiya loyihalariga takliflar berishi zarur. Eng muhimi, ushbu ishlarning samarasi qoraqalpogʻistonliklar hayotida sezilishi kerak, dedi davlatimiz rahbari. 

Shavkat Mirziyoyev qurilish materiallari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligini rivojlantirish, baliqchilik, parrandachilik, chorvachilik, uzumchilik klasterlari tashkil etish hisobiga ushbu tarmoqlarni rivojlantirish, xorijdan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar jalb qilishni koʻpaytirib, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, hududning eksport salohiyatini yuksaltirish yuzasidan mutasaddilarga zarur koʻrsatmalar berdi. 

Qoraqalpogʻiston Respublikasida aholi salomatligini muhofaza qilishga alohida eʼtibor qaratilib, yangi zamonaviy tibbiyot muassasalari bunyod etilmoqda, mavjudlari rekonstruksiya qilinayotir. 

Bu borada Orolboʻyi aholisiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan 2017-2018 yillarga moʻljallangan investitsiya dasturi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, mazkur dastur asosida 36 obyektda 84 milliard soʻmlikdan ziyod ish bajarildi, 2,8 million dollarlik zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar keltirildi. 2 ming 365 shifokor Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida, 53 shifokor xorijda malaka oshirdi. 72 zamonaviy avtotransport vositasi keltirildi. 

“Qoʻngʻirot” ovul fuqarolar yigʻinidagi 23-oilaviy poliklinika ham joriy yilda rekonstruksiya qilindi. UTT, EKG, biokimyoviy analizator kabi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan taʼminlandi. 

Shavkat Mirziyoyev mazkur oilaviy poliklinikada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

Muassasa “Qoʻngʻirot”, “Shumanay”, «Qangli” ovul fuqarolar yigʻinlari aholisiga xizmat koʻrsatadi. Poliklinikada 5 oʻrinli statsionar va tez tibbiy yordam koʻrsatish shoxobchasi tashkil etilgan. Ayollar maslahatxonasi, ijtimoiy dorixona, fitobar aholi xizmatida. 

Prezidentimizga mobil oftalmologik klinika faoliyati haqida ham maʼlumot berildi. “Isuzu” avtobusida tashkil etilgan ushbu mobil klinika koʻz kasalligiga chalingan bemorlarni joylarda chuqur tekshiruvdan oʻtkazish va davolashda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligini mustahkamlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishini, ayniqsa, xotin-qizlar va bolalar sogʻligʻi uchun barcha sharoit yaratilishini taʼkidladi.

Prezidentimiz Qoʻngʻirot tumanidagi “Wunderkinds in Kungirad” maktabgacha taʼlim muassasasida boʻldi. 

Davlatimiz rahbari farzandlarimiz tarbiyasining birinchi va muhim boʻgʻini – maktabgacha taʼlim muassasalari faoliyatini takomillashtirishga doimiy eʼtibor qaratib keladi. 

Qoʻngʻirot tumani “Qoʻngʻirot” ovul fuqarolar yigʻini hududida joylashgan “Wunderkinds in Kungirad” davlat-xususiy sheriklik asosidagi maktabgacha taʼlim muassasasiga 90 dan ziyod bola qamrab olingan. 

Mazkur bogʻcha joriy yil 7 noyabr kuni faoliyat boshlagan. Tadbirkor Dilnoza Abdullayeva mart oyida hududdagi tashlandiq binoni “nol” qiymatda olib, uni zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasiga aylantirdi. Buning uchun “Oʻzsanoatqurilishbank”dan 1,5 milliard soʻm kredit ajratildi. 500 million soʻm oʻz mablagʻini sarfladi. Bogʻchada bolalarga rus, ingliz tillari interfaol usullarda oʻrgatiladi. Sport toʻgaraklari mavjud. 

Davlatimiz rahbari bogʻchada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqot qildi. 

Farzandlarimizni bolaligidan sogʻlom, aqlli qilib tarbiyalasak, ertaga maktabga bilimli yoshlar keladi. Maktabni oʻquvchilar har tomonlama bilimli boʻlib bitirsa, institutlarimizga ilm-maʼrifatli, maʼnaviyatli yoshlar boradi, mamlakatimiz uchun yaxshi kadrlar yetishib chiqadi. Shuning uchun maktabgacha taʼlim doim diqqatimiz markazida boʻlishi kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Prezidentimizga Qoraqalpogʻistonda maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar va koʻzda tutilayotgan loyihalar toʻgʻrisida maʼlumot berildi. 

Davlatimiz rahbarining Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifi davom etmoqda. 

Ma'lumot manbai: uza.uz

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Ishonch telefoni bo'yicha murojaatlar statistikasi

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ishonch telefoni orqali 2019 yil I chorak davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko'rib chiqish yuzasidan ma'lumot

Paris

Vazirlikka kelgan xatlar holatini ko'rish

Yangiliklar taqvimi

« Oktyabr 2019 »
Dush Sesh Chor Pay Jum Shan Yak
  1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31      

Axborot-hisoblash markazining tezkor aloqa raqami (0-371) 239 15 62

Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazining "UzASBO va "DMBAT" dasturiy majmualari bo'yicha "Tezkor aloqasi"

Statistika

Hozir 733 mehmonlar va ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi yo'q saytda

Arxiv

Ishonch telefonlariga bo'lgan qo'ng'iroqlarni baholash statistikasi

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, sichqoncha bilan belgilab, administratorni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

© 2019 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan olingan
ma'lumotlardan foydalanilganda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb sayti 
www.mf.uz ko‘rsatilishi shart. Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi AHM tomonidan amalga oshiriladi

DMC Firewall is a Joomla Security extension!