РУССКИЙ  |  O'ZBEKCHA  |  ENGLISH                          

       O'zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi

DAVLAT BYUDJETI IJROSI QANDAY NATIJA BERDI?

14
Noyab 2018
207 marta ko'rildi

DAVLAT BYUDJETI IJROSI QANDAY NATIJA BERDI?

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Mehnat va ijtimoiy masalalar qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimiz bosh moliyaviy hujjatining ijrosi hamda 2019 yilga moʻljallangan davlat byudjeti loyihasi muhokama etildi. 

Tadbirda dastlab joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosiga eʼtibor qaratilib, yil yakuni boʻyicha kutilayotgan prognoz natijalari muhokama qilindi. 

Unga koʻra, aholi jon boshiga hisoblangan yalpi ichki mahsulotning(YAIM) oʻtgan yilga nisbatan oʻsish surʼatlari qayd etildi. Bu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,5 foiz yuqori ekani taʼkidlandi. Jumladan, isteʼmol narxlarining oʻzgarishi sababli oʻtgan yilning shu davriga nisbatan aholi umumiy daromadlarining real oʻsish surʼati 111,4 foizni, aholi jon boshiga umumiy daromadlarining real oʻsishi esa 109,5 foizni tashkil qildi. 

Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan umumiy xarajatlarning 53,4 foizi miqdorida mablagʻ sarflandi. Bu xarajatlar YAIMga nisbatan 11,8 foizni tashkil etdi. 

Qoʻmita yigʻilishida ijtimoiy sohaning eng muhim masalalari muhokama etilib, unda sogʻliqni saqlash, taʼlim tizimidagi tub islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, ijtimoiy munosabatlarning galdagi ustuvor vazifalaridan boʻlgan aholi bandligini taʼminlashga qaratilgan choralarni moliyalashtirish masalalari koʻrib chiqildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamgʻarmasi hisobidan tegishli mablagʻlar bir qator muhim maqsadlarga, jumladan, jamoat ishlariga jalb etilgan ishsizlar va band boʻlmagan shaxslarning mehnat haqi uchun toʻlovlariga, hunarmandchilik, oilaviy tadbirkorlik va kasanachilikda aholi bandligini kengaytirish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratish, fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalarini qoʻllab-quvvatlash uchun yoʻnaltirildi. 

Deputatlar 2019-yilga moʻljallangan byudjetnoma loyihasi muhokamasiga kirishdi. Aholining uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, xalqimiz turmush darajasini yanada oshirishga xizmat qiladigan barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish, bandlik va aholi daromadlari koʻpayishini taʼminlovchi yangi ish oʻrinlarini yaratish masalalari diqqat markazida boʻldi. 

2019-yil 1-yanvardan soliq tizimida joriy etiladigan tarixiy oʻzgarishlar natijasida aholiga katta qulayliklar yaratilishi kutilmoqda. Xususan, mehnatga xaq toʻlash fondiga soliq yuki kamaytiriladi. Bu barcha fuqarolar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining yagona stavkasi 12 foiz miqdorida belgilanishi, fuqarolarning Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga ushlab qolinadigan sugʻurta badallari, davlat maqsadli jamgʻarmalariga yuridik shaxslarning tushumidan undiriladigan majburiy ajratmalar bekor qilinadi, deganidir. 

Kam taʼminlangan oilalarga beriladigan moddiy yordam va 14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga beriladigan nafaqa oluvchilar sonini koʻpaytirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshirish uchun 643,5 milliard soʻm ajratilishi nazarda tutilmoqda. Bu esa nafaqalar tayinlanishini 507 ming oiladan 621 ming oilagacha yoki 1,2 marta oshirish imkonini beradi. 

***

Shu mavzu kunning ikkinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishida muhokama etildi. 

Unda taʼkidlanganidek, yakunlanayotgan yil davomida ilk marotaba davlat byudjetining xarajatlari oʻtgan 2017-yilga nisbatan qariyb 30 trillion soʻmga (1,6 barobarga) oshdi. Byudjet xarajatlarining asosiy qismi ijtimoiy sohaga yoʻnaltirildi va byudjet sohasi xodimlari ish haqi, pensiya va nafaqalarini inflyatsiya koʻrsatkichidan yuqoriga oshirish bilan birga, tarbiyachilar, oʻqituvchilar, ilmiy xodimlar, professor-oʻqituvchilar, madaniyat xodimlarining oylik maoshi koʻpaytirildi. 

Joriy yil davomida qishloqlarning meʼmoriy qiyofasini tubdan yangilash, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi hamda ijtimoiy soha obyektlari, namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar barpo etishga qariyb 0,5 trillion soʻmlik mablagʻ yoʻnaltirildi. 

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida yoshlar tadbirkorligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularni biznes bilan shugʻullanishga faol jalb qilish uchun shart-sharoitlar yaratish, ish oʻrinlari tashkil etish, navqiron avlodning bandligini taʼminlash maqsadida oʻtgan davr mobaynida tijorat banklari orqali 7 foizlik kreditlar ajratildi. 

Tushumdan olinadigan majburiy ajratmalar toʻliq bekor qilinishi hisobidan korxonalarda yana 5,2 trillion soʻm daromad qoldirilishi, jismoniy shaxslar uchun daromad soligʻining eng yuqori stavkasi 12 foizgacha, yagona ijtimoiy toʻlovi 15 foizgacha tushirilishi, fuqarolarning 8 foizlik sugʻurta badali bekor qilinishi natijasida aholi daromadlari 6,5 foizga oshishi kutilmoqda. Mavjud 19 ta soliq va majburiy toʻlovlar turi 15 tagacha kamaytiriladi. 

Yigʻilish soʻnggida bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining 2018-yilning 9 oyligidagi ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotini tasdiqlash haqida, shuningdek, kelgusi 2019-yilga moʻljallangan makroiqtisodiy koʻrsatkichlar, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalarini Qonunchilik palatasi muhokamasi kun tartibiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 

Ma'lumot manbai: uza.uz

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Ishonch telefoni bo'yicha murojaatlar statistikasi

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ishonch telefoni orqali 2018 yil I yarim yilligida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko'rib chiqish yuzasidan ma'lumot

Yangiliklar taqvimi

« Dekabr 2018 »
Dush Sesh Chor Pay Jum Shan Yak
          1 2
3 4 5 6 7 8 9
10 11 12 13 14 15 16
17 18 19 20 21 22 23
24 25 26 27 28 29 30
31            

Ishonch telefonlariga bo'lgan qo'ng'iroqlarni baholash statistikasi

Axborot-hisoblash markazining tezkor aloqa raqami (0-371) 239 15 62

Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazining "UzASBO va "DMBAT" dasturiy majmualari bo'yicha "Tezkor aloqasi"

Obuna bo'lish

Statistika

Hozir 786 mehmonlar va ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi yo'q saytda

Arxiv

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, sichqoncha bilan belgilab, administratorni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

© 2018 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan olingan
ma'lumotlardan foydalanilganda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb sayti 
www.mf.uz ko‘rsatilishi shart. Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi AHM tomonidan amalga oshiriladi

Our website is protected by DMC Firewall!