РУССКИЙ  |  O'ZBEKCHA  |  ENGLISH                          

       O'zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi

ASOSIY MAQSAD – AHOLINING TINCH VA OSOYISHTA HAYOTINI TAʼMINLASH

11
Yan 2019
2166 marta ko'rildi

ASOSIY MAQSAD – AHOLINING TINCH VA OSOYISHTA HAYOTINI TAʼMINLASH

Concrete

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 yanvar kuni Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar boʻlimiga tashrif buyurdi. 

Mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jamoat tartibini saqlash va jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Sohani takomillashtirish maqsadida keyingi ikki yilda 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. 

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 14 fevraldagi qaroriga muvofiq, Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatdan yangi tizimi joriy etildi. Ichki ishlar organlari barcha boʻgʻinlarining tuzilmasi va vakolatlari qayta koʻrib chiqilib, poytaxtimizda tajriba tariqasida 73 ta ichki ishlar boʻlimi tashkil etildi. Xodimlarning 65 foizi aholiga yaqin boʻlishi uchun quyi boʻgʻindagi ichki ishlar boʻlimlariga oʻtkazildi. Ularning bevosita joylarda samarali xizmat oʻtashi uchun munosib ijtimoiy-maishiy sharoit yaratib berildi.

Jamoat tartibini saqlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlari keng jamoatchilik ishtirokida tashkil etilayotgani samarasida 2018 yilda umumiy jinoyatchilikni kamaytirishga erishildi. “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz xonadon” tizimlari joriy etilgani, tunu kun patrul xizmati yoʻlga qoʻyilgani natijasida odamlarda adolat va qonun ustuvorligiga ishonch paydo boʻldi. 

Toshkent shahri misolida koʻplab tajribalar sinovdan oʻtkazildi. Xususan, ilk bor jamoat joylarida bemaqsad yurgan, shubha uygʻotgan odamlarning shaxsini aniqlash, ular ishtirokida roʻy berishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida ichki ishlar xodimlari axborot-resurs markaziga ulangan, barcha maʼlumotlarni zudlik bilan olish imkoniyatiga ega planshetlar bilan taʼminlandi. 

Yunusobod tumanidagi 7-ichki ishlar boʻlimi ham zamonaviy tizim asosida tashkil etilgan. Tezkor navbatchilik qismi, profilaktika, tergov, jinoyat-qidiruv boʻlinmalari, ichki migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhi, psixolog faoliyati, yongʻin xavfsizligi, tez yordam, favqulodda vaziyatlar va boshqa xizmatlar bir joyda jamlangan. Shuningdek, xotin-qizlar bilan yaqindan ishlash uchun ayol inspektorlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. 

Tezkor navbatchilik qismida hududni tunu kun nazorat qilish imkonini beradigan videokuzatuv tizimi joriy etilgan. Boʻlim tumandagi 7 ta – Uvaysiy, Yurtobod, Shoshtepa, Bobodehqon, Mehnatobod, Bebor, Oqtepa mahallalari aholisiga xizmat koʻrsatadi. 

Prezidentimiz poytaxt ichki ishlar organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida tashkiliy-shtat tuzilmasini maqbullashtirish loyihasi bilan tanishdi. Unga koʻra, ichki ishlar xodimlarining 86 foizini quyi boʻgʻinga oʻtkazish, tuman hokimligi, prokuraturasi, soliq inspeksiyasi va boshqa idoralar bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan. 

Davlatimiz rahbari bu taklifni maʼqullab, jinoyatchilikning oldi olinishi, buni odamlar sezishi uchun, avvalo, quyi tizim mustahkam boʻlishi zarurligini taʼkidladi. 

Profilaktika ishlari tahlilga asoslanishi kerak. Har bir huquqni muhofaza qilish organida jinoyatchilikning joyi va turi boʻyicha chuqur maʼlumot boʻlishi, buning uchun davlat idoralari, jamoat tashkilotlari muntazam birga ishlashi zarur. Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, prokuratura – hammasi xalqqa xizmat qilishi kerak. Shu bilan birga, jamiyatda ham jaholatga qarshi maʼrifat kuchli boʻlishi lozim. Muhit shunday boʻlishi kerakki, hech kim jinoyatga qoʻl ura olmasin, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Profilaktika inspektorlarini faoliyat samaradorligiga qarab ragʻbatlantirish, professionallik darajasini oshirish masalasiga eʼtibor qaratildi. Prezidentimiz profilaktika inspektorlari va ularning oʻrinbosarlarini oʻqitish, malakasini oshirish boʻyicha Toshkent davlat yuridik universitetining maxsus filialini tashkil etish zarurligini taʼkidladi. 

Shu yerda tezkor navbatchilik qismidagi innovatsion texnologiyalar, ichki ishlar xodimlarining oʻzaro xabar almashishini taʼminlaydigan “Minor” dasturi, xodimlar xizmat oʻtayotgan joy toʻgʻrisida axborotni koʻrsatish va tashvish xabarini joʻnatish uchun moʻljallangan “UzGPS” tizimi haqida maʼlumot berildi. 

Davlatimiz rahbari ichki ishlar boʻlimidagi yangi mutaxassislar – psixolog, voyaga yetmaganlar va xotin-qizlar bilan ishlash boʻyicha profilaktika inspektorlari bilan suhbatlashdi. 

Xalq bilan ishlaydigan xodimlar psixologiyani chuqur bilishi, odamlarga koʻmak, mehr berishi kerak. Jinoyatga qoʻl urgan yoshlar, xotin-qizlarning avvalo muammolarini oʻrganish, maishiy muammolari boʻlsa, masʼul tashkilotlar orqali yordam berish, ruhan qoʻllab-quvvatlash zarur. Shundagina ularning dunyoqarashi oʻzgaradi, natija boʻladi, dedi Prezident. 

Shavkat Mirziyoyev mazkur ichki ishlar boʻlimidagi pasport xizmati xonasida boʻlib, biometrik pasportlarni rasmiylashtirish jarayonini kuzatdi. Jahon standartlari asosida tashkil etilgan tergov xonasini koʻzdan kechirdi. 

Ichki migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish guruhida hududdagi yettita mahallada yashovchi fuqarolarga tezkor va sifatli xizmat koʻrsatiladi. Fuqarolar hujjat toʻldirish, pasport-viza tizimi, ichki va tashqi migratsiya masalalariga oid barcha savollariga shu yerning oʻzida javob oladi, biometrik pasportlarni rasmiylashtirish elektron navbat orqali amalga oshiriladi. 

Ichki ishlar boʻlimi negizida tashkil etilgan favqulodda xizmatlarni tezkor boshqarishning yagona tizimi faoliyati amalda koʻrsatib berildi. Bunga “Qutqarish xizmati – 1050”, “Yongʻin xavfsizligi – 101”, “Tez tibbiy yordam – 103”, “Qoʻriqlash – 102” texnika va anjomlari namoyish etildi. Bu favqulodda holatlarni tezkor bartaraf etishga xizmat qiladi. 

Prezidentimiz jamoat xavfsizligini taʼminlashning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, jumladan, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga zamonaviy vertolyotlar ajratish boʻyicha topshiriqlar berdi. 

***

Shu kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimiz tinchligi va jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish borasidagi kelgusi vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. 

Bugungi globallashuv davrida yangidan-yangi tahdid va xavf-xatarlar paydo boʻlmoqda, jinoyatlarni sodir etish usul va vositalari, xususiyatlari oʻzgarib bormoqda. Shularni hisobga olgan holda, mamlakatimizda keyingi ikki yilda bu borada 100 dan ortiq qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. 

Xususan, ichki ishlar tuzilmalari isloh qilindi. “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz xonadon” tizimlari joriy etildi va tunu kun patrul xizmati yoʻlga qoʻyildi. Bularning samarasida oʻtgan yili jinoyatchilik 33 foizga kamaydi. 

Koʻrilayotgan choralar natijasida fuqarolarimizda adolat va qonun ustuvorligiga ishonch paydo boʻlmoqda. Lekin xotirjamlikka berilishga hech kimning haqi yoʻq, hali oldimizda qilinadigan ishlar koʻp, dedi davlatimiz rahbari. 

Yigʻilishda jinoyatchilikni jilovlashni sifat jihatdan yangi bosqichga koʻtarish zarurligi taʼkidlandi. 

Masalan, Andijon viloyatining deyarli barcha tumanlarida ogʻir turdagi jinoyatlar soni oshgan. Viloyatda ayollar jinoyatchiligining salmogʻi yuqori boʻlib, mamlakatdagi koʻrsatkichning 8,5 foizini tashkil etgan. Qoraqalpogʻistonda jinoyatchilik 31 foizga kamaygan boʻlsa-da, qotillik holatlari koʻpaygan. Namangan viloyatida ham bu borada ahvol qoniqarsiz.

Ichki ishlar vazirligiga yuqoridagi masalalar boʻyicha vaziyatni tubdan yaxshilash, chuqur tahlil asosida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish vazifasi topshirildi. 

Xabaringiz bor, oʻtgan yili “ishlaganni – ragʻbatlantirish, ishlamaganni – jazolash tizimi”ni joriy etgan edik. Bugun uni sarhisob qiladigan vaqt keldi, dedi Prezident. 

Jinoyatchilikni jilovlashda eng yuqori natijaga erishgan 10 ta hudud – Shirin va Guliston shaharlari, Shahrisabz, Yangiyoʻl, Kegeyli, Qonlikoʻl, Xovos, Sardoba, Mirobod, Oʻrta Chirchiq tumanlari ichki ishlar boʻlimlari boshliqlarini moddiy ragʻbatlantirish, aksincha, bu borada koʻrsatkichlari eng salbiy boʻlgan 10 ta hudud – Nurota, Nishon, Ellikqalʼa, Paxtaobod, Doʻstlik, Paxtakor, Izboskan, Boʻstonliq, Buvayda, Quyi Chirchiq tumanlari ichki ishlar boʻlimlari boshliqlariga jarima shaklidagi intizomiy jazo qoʻllash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berildi. 

Endi hokimlar ham har kuni oʻz hududidagi jinoyatlar bilan bogʻliq vaziyatni shaxsan muhokama qilib borishi, shuningdek, joylardagi xalq deputatlari Kengashlari jinoyatlar bilan bogʻliq vaziyatni tahlil qilib, ularning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etishga oʻz hissasini qoʻshishi kerakligi taʼkidlandi. 

Yigʻilishda huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. 

Bugungi kunda “Mahalla posboni” tuzilmasi rahbari lavozimi oʻrniga profilaktika inspektorining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchisi lavozimi joriy etilib, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻyicha ularning shaxsiy javobgarligi belgilab qoʻyildi. Kelgusida jamoat xavfsizligini taʼminlashga munosib hissa qoʻshgan yordamchilarga ichki ishlar organlarining oliy taʼlim muassasalariga kvota asosida oʻqishga kirish huquqi berilishi maʼlum qilindi. 

Huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi samarali kurashish boʻyicha “hududlar tajribasi”ni joriy etish zarurligi taʼkidlandi. Masalan, Toshkent shahrida bosqinchilik, Fargʻonada firibgarlik, Toshkent viloyatida oʻgʻrilik jinoyati koʻp sodir etilayotganini hisobga olib, ularni profilaktika qilish boʻyicha hududiy usullar shakllantirish talab etiladi. 

Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi, Milliy gvardiya harbiy-texnika institutiga oʻzaro hamkorlikda kriminogen vaziyat ogʻir boʻlgan hududlarda ilmiy-tadqiqot ishlari oʻtkazib, jinoyatchilik ahvoli oʻzgarishini kriminologik prognozlash boʻyicha uslubiy qoʻllanma ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. 

Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarida ishlaydigan psixolog-pedagoglar maktabini yaratish, oliy oʻquv yurtlarida psixolog kadrlar tayyorlash tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish zarurligi qayd etildi. 

Yongʻin xavfsizligini taʼminlash masalasi muhokama qilinar ekan, keyingi vaqtda is gazidan zaharlanish holatlari koʻpayib borayotgani keskin tanqid qilindi. 

Buning asosiy sababi isitish jihozlarining sozligini texnik koʻrikdan oʻtkazish va taʼmirlash yetarli darajada nazorat qilinmayapti. Bu bilan nodavlat tashkilot hisoblangan Oʻzbekiston yongʻinga qarshi kurashish jamiyati shugʻullanyapti. 

Bosh prokuratura va Adliya vazirligiga ushbu jamiyat faoliyatini yalpi tekshirishdan oʻtkazish va sohani takomillashtirish boʻyicha taklif kiritish vazifasi qoʻyildi. Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Qurilish vazirligiga isitish jihozlari, moʻri va boshqa uskunalarning texnik holatiga masʼul davlat idorasini belgilash, gaz va koʻmir asosida isitishga moʻljallangan bino-inshootlarni is gazini oʻlchash uskunalari bilan jihozlash boʻyicha texnik reglament ishlab chiqish yuklatildi. 

Yigʻilishda aholining mulk daxlsizligini taʼminlash borasidagi vazifalar ham koʻrib chiqildi. Endilikda jamoat xavfsizligi va shaxsiy mulk daxlsizligini taʼminlashga Ichki ishlar vazirligi bilan Milliy gvardiya bab-baravar javob berishi taʼkidlandi. 

Jazoni ijro etish muassasalarida mehnatga layoqatli shaxslarni ish bilan taʼminlash, davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish boʻyicha ham topshiriqlar berildi. Bunday shaxslarni kasbga oʻrgatish ertaga ular tomonidan takroriy jinoyatlar sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi. 

Videoselektor yigʻilishida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlarini oʻqitish, ularning kasb mahorati va madaniyatini muntazam oshirib borish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. 

Huquqni muhofaza qilish sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi eng yangi yondashuvlarga asoslanishi, ular shiddat bilan oʻzgarayotgan zamon va shart-sharoitlarga mos boʻlishi zarur. Yosh kadrlarda tanqidiy tahlil, intizom, halollik, vatanparvarlik, tashabbuskorlik, shaxsiy javobgarlikni shakllantirish kerak, dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga rahbar tayinlashda butunlay yangicha mexanizm joriy etish boʻyicha topshiriq berildi. Unga muvofiq, nomzodlar maʼlum muddat davomida maqsadli indikatorlarga erishish sharti bilan lavozimga tayinlanishi, shartlar bajarilmagan taqdirda shartnoma muddati uzaytirilmasligi lozimligi belgilandi. 

Fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarda huquqbuzarlikka nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish jinoyatchilikning oldini olishda muhim omil boʻladi. Lekin huquqiy targʻibot koʻpincha eskicha usullar, majlisbozlik va yuzaki maʼruzalardan iborat boʻlib qolayotgani sababli toʻla samara bermayotir. Shu bois kuni kecha Prezident farmoni bilan tasdiqlangan Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish vazifasi topshirildi. 

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda kadrlar masalasi ham koʻrildi. Oʻz xizmat vazifasini bajarishda kamchiliklarga yoʻl qoʻygan koʻplab rahbarlar qatʼiy ogohlantirildi, ayrimlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi. 

Videoselektor yigʻilishida jamoat xavfsizligini taʼminlashga masʼul davlat organlari rahbarlarining hisobot va takliflari tinglandi. 

Ma'lumot manbai: uza.uz

Oxirgi o'zgartirish Juma, 11 Yanvar 2019 09:50

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Ishonch telefoni bo'yicha murojaatlar statistikasi

Paris

Vazirlikka kelgan xatlar holatini ko'rish

Yangiliklar taqvimi

« Dekabr 2019 »
Dush Sesh Chor Pay Jum Shan Yak
            1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31          

Axborot-hisoblash markazining tezkor aloqa raqami (0-371) 202 03 02

Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazining "UzASBO va "DMBAT" dasturiy majmualari bo'yicha "Tezkor aloqasi"

Statistika

Hozir 283 mehmonlar va ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi yo'q saytda

Arxiv

Ishonch telefonlariga bo'lgan qo'ng'iroqlarni baholash statistikasi

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, sichqoncha bilan belgilab, administratorni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

© 2019 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan olingan
ma'lumotlardan foydalanilganda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb sayti 
www.mf.uz ko‘rsatilishi shart. Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi AHM tomonidan amalga oshiriladi

DMC Firewall is a Joomla Security extension!