
O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, hamda ASSA va EBRR xalqaro tashkilotlari ko’magida PROFI TRAINING biznes-maktabi tomonidan tashkil etilgan “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) va Buxgalteriya hisobining milliy standartlari (BHMS): transformatsiya boshlanmoqda” mavzusidagi konferentsiya “Grand Mir” mehmonxonasining konferents-zalida bo’lib o’tdi.
Konferensiya ishida O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining vakillari, moliyaviy maslahatchilar, banklar, yirik kompaniyalar, aktsiyadorlik jamiyatlari xodimlari, hamda Profi Training biznes-maktabi rahbarlari va qatnashchilari ishtirok etishdi.
Konferensiyada O’zbekistonda buxgalteriya hisobini isloh qilishning dolzarb masalalari, hamda MHXSni joriy qilish va uning investitsiya muhitiga ta’siri masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, konferentsiya ishtirokchilari MHXSni joriy qilishning xalqaro tajribalari bilan almashishdi, MHXS asosida BHMSni uyg’unlashtirishning (muvofiqlashtirishning) asosiy jihatlarini o’rganishdi.

Konferensiya doirasida quyidagi moliyaviy ekspertlar ishtirokida interaktiv bahslar o’tkazildi:
1. Xaydarov Sharofitdin – Moliya vazirligining Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi bo’lim boshlig’i;
2. Adxamov Laziz –SAP RCIS UZBEKISTANning biznesni rivojlantirish bo’yicha direktori;
3. Anvarov Mirzailxom –ACCA assotsiatsiyasining a’zosi, kompaniyalar guruhi kuzatuv kengashining raisi, MHXS bo’yicha ABR maslahatchisi;
4. Shalunova Tatyana – auditor, soliq maslahatchisi, biznes-trener, Profi Training biznes-maktabi direktori.
Ekspertlarning bahsli muhokamasi respublikamizda MHXSni amaliy jihatdan qo’llash jarayonini har tomonlama o’rganishga olib keldi.
Konferensiya davomida ishtirokchilar tomonidan muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan qator asoslangan takliflar bildirildi va respublikamizda buxgalteriya hisobi tizimini isloh qilish yo’nalishlarini o’rganish bo’yicha ochiq muloqotlarni muntazam ravishda o’tkazib turish taklif etildi.