Diana Gardanova
06
Iyun 2020
1489 marta ko'rildi

“S&P Global Ratings” agentligi O‘zbekiston suveren reytingini “BB-” darajasida tasdiqladi, lekin reyting kutilmani o‘zgartirdi


Joriy yilning 5 iyun kuni “S&P Global Ratings” xalqaro reyting agentligi O‘zbekiston Respublikasi suveren reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qildi. 

• Hukumatning keng qamrovli islohotlarni amalga oshirishda va iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda ilgarilagani e’tirof etilgan; 

• Mamlakat institutsional islohotlarda muvaffaqiyatga erishayotgani ta’kidlangan. Xususan, "Doing Business", “Korruptsiyani qabul qilish” indekslari va Jahon bankining boshqaruv ko‘rsatkichlarida mamlakatimizning o‘rni sezilarli darajada yaxshilaganligi e’tirof etilgan; 

• 2019 yilda boshlangan bank sektori islohotlari natijasida bank tizimida dollarlashuv darajasini pasaygani hamda bu o‘z o‘rnida, bozori segmentatsiyasini kamaytirishga qaratilgan choralar bilan uyg‘unlikda Markaziy bankning inflyatsiyani targetlash rejimiga o‘tishiga va monetar siyosatining ta’sirchanligini oshirishiga xizmat qilishi ko‘rsatilgan;

• Soliq islohotlari natijasida soliq bazasi kengaygani va undirish sur’atlari oshgani hamda davlatda fiskal shaffoflik ortgani qayd etilgan;

• Respublika uchun davlat ulushiga ega korxonalar islohoti va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmini oshirish hukumat oldida turgan ustuvor vazifa bo‘lib qolayotganiga urg‘u berilgan.

Biroq mazkur hisobotda mamlakatimiz reytingining kutilmasi “Barqaror”dan “Salbiy”ga o‘zgartirildi.

 Ushbu “Salbiy” kutilma koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga salbiy ta’siri hamda investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun jalb qilinayotgan mablag‘lar hisobiga O‘zbekistonning davlat tashqi qarzi so‘nggi 12 oy davomida sezilarli o‘sgani bilan izohlangan.  

Shu bilan birga, “S&P Global Ratings” tomonidan davlat tashqi qarzi yuqori sur’atlar bilan o‘sishiga qaramay u bilan bog‘liq xatarlar hanuz past darajada ekanligi e’tirof etilgan.

Ma’lumot uchun: Dastlabki operativ ma’lumotlarga ko‘ra, 

2020 yil 1 iyun holatiga davlat tashqi qarzi 16,9 mlrd. AQSh dollarni yoki Yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 29,2 foizni tashkil etmoqda. 

Mavjud tashqi qarzning 11,4 mlrd. AQSh dollari yoki 67 foizi hukumat nomidan yoki davlat kafolati ostida davlat korxonalarining investitsion loyiha va dasturlariga jalb qilingan mablag‘lardir.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan 2020 yil 19 may kuni chop etilgan Qarz barqarorligi hisobotida respublikaning qarzga xizmat ko‘rsatish salohiyati yuqori hamda davlat tashqi qarzi hajmi mo‘’tadil darajadaligi e’tirof etilgan.

Qayd etish lozimki, koronavirus pandemiyasi va global inqirozning ta’siri tufayli dunyo bo‘ylab mamlakatlarning reytinglarida salbiy tomonga o‘zgartirishlar kuzatilmoqda. Xususan, yil boshidan beri “S&P Global Ratings” 47 ta mamlakatning suveren reytinglari yoki kutilmalarini salbiy tomonga o‘zgartirdi. 

 Hisobotda “S&P Global Ratings” tomonidan quyidagilar kelgusida mamlakatimiz xalqaro suveren reytingiga ijobiy ta’sir etuvchi omillar hisoblanadi:

• Tashqi qarz o‘sish sur’atlarining o‘rta muddatlarda pasayishi;

• O‘zbekistonning global iqtisodiyotga integratsiyalashuvi va davlat ulushiga ega korxonalarni isloh qilish natijasida iqtisodiyotning o‘sish salohiyati va barqarorligini yaxshilanishi;

• Diversifikatsiyalashgan davlat byudjeti daromadlari bazasi va eksport tarkibi.

Shu bilan birga, “S&P Global Ratings” tomonidan quyidagilar respublikaning xalqaro suveren reyting baholariga salbiy ta’sir etuvchi omillar sifatida keltirilgan:

• 2023 yilgacha tashqi qarz ortishi tufayli fiskal balansning sezilarli yomonlashuvi hamda tashqi qarzni yanada tezroq o‘sishi; 

• Davlat ulushiga ega korxonalar holatining zaiflashuvi natijasida davlat majburiyatlarining ortishi;

• Olib borilayotgan islohotlarga qaramay iqtisodiyotda dollarlashuv darajasining sezilarli o‘sishi.  

Yuqoridagilardan kelib chiqib, reyting kutilmasini yaxshilash uchun davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish hamda tashqi qarz o‘sishini qat’iy nazorat qilish talab etiladi. 

Qayd etish lozimki, Moliya vazirligi tomonidan ushbu maqsadlarga erishish uchun zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasining yo‘riqnomasi va ko‘magida, O‘zbekiston Respublikasi yalpi davlat qarzining xavfsiz darajasi Yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 50 foiz miqdorida hisoblandi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan va uning kafolati ostida 2020 yilda jalb etiladigan tashqi qarz 

4 mlrd. dollar miqdorida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonunida belgilab qo‘yildi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi tomonidan 2020 yil 19 may kuni chop etilgan hisobotda qayd etilishicha, davlat tashqi qarzining yillik yuqori chegarasi 4 mlrd. dollargacha miqdorda belgilansa, o‘rta muddatda O‘zbekiston Respublikasining tashqi qarzi xavfsiz darajada bo‘lishi ta’minlanadi. 

 Davlat qarzini boshqarish bo‘yicha Qonunchilikni takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat qarzi to‘g‘risida”gi Qonunining loyihasi AQSh G‘aznachiligi texnik ko‘magida ishlab chiqilmoqda. 

Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan hamkorlikda 2020-2022 yillar uchun “O‘zbekiston Respublikasining davlat qarzini boshqarish strategiyasi” (MTDS) ishlab chiqildi va har yili yangilab borilmoqda.

Mazkur strategiya doirasida davlat qarzini diversifikatsiyalash maqsadida davlat byudjeti taqchilligini, imkon qadar, ichki bozorda davlat qimmatli qog‘ozlarini joylashtirish orqali qoplashga harakat qilinmoqda. 

Xususan, ichki bozorda joylashtirilgan davlat qimmatli qog‘ozlari 2018 yilda qariyb 600 mlrd. so‘mdan 2019 yilda 1,6 trln. so‘mgacha oshdi. 2020 yil boshidan esa, 3,4 trln. so‘mga teng davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarildi.  

UNCTAD (Birlashgan millatlar tashkilotining savdo va rivojlantirish bo‘yicha konferentsiyasi) va Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat qarzi monitoringini yuritish, unga xizmat ko‘rsatish, hisob va hisobotlarni avtomatlashtirish maqsadida vazirlik tomonidan davlat qarzini boshqarish va moliyaviy tahlil tizimi (DMFAS-6 dasturiy majmuasi) joriy qilindi.

Davlat qarzi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shaffofligini ta’minlash maqsadida Moliya vazirligi tomonidan muntazam ravishda choraklik Davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi e’lon qilish yo‘lga qo‘yildi, vazirlikning rasmiy saytida doimiy ravishda tahliliy ma’lumotlar joylashtirilmoqda.

Umid qilamizki, ushbu ta’sirchan choralar O‘zbekiston Respublikasining suveren reytingini o‘rta va uzoq muddatda yaxshilash uchun xizmat qiladi.

Oxirgi o'zgartirish Dushanba, 08 Iyun 2020 12:10

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

VALYUTA KURSLARI INFORMATORI

Ishonch telefoni reytingi

1 - ball -78 foydalanuvchi
2 - ball -26 foydalanuvchi
3 - ball -34 foydalanuvchi
4 - ball -34 foydalanuvchi
5 - ball -517 foydalanuvchi

© 2020 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi..Barcha huquqlar himoyalangan.

Saytdan olingan ma'lumotlardan foydalanilganda Moliya vazirligining veb sayti www.mf.uz ko‘rsatilishi shart.

Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi  AHM tomonidan amalga oshiriladi