Elyor Nazarov
21
Iyun 2021
451 marta ko'rildi

“Lizing xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qarorga…

Concrete

 O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining “Lizing xizmatlari ko‘rsatuvchi tashkilotlarda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalarini tasdiqlash haqida”gi qarorga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi (ro‘yxat raqami №2265-2, 17.06.2021y.).

 Qabul qilingan hujjatga muvofiq, “ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxs”, “terrorchilik faoliyatida ishtirok etayotgan yoki ishtirok etishda gumon qilinayotgan shaxs”, “Ro‘yxat”, “operatsiyani to‘xtatib turish”, “yuqori mansabdor shaxslarga yaqin bo‘lgan shaxslar” kabi tushunchalar kiritildi, shuningdek, “yuqori mansabdor shaxslar” tushunchasi kengaytirildi.

 Shuningdek mazkur Qoida 121 band bilan to‘ldirildi, unga ko‘ra mazkur Qoidalar talablaridan kelib chiqqan holda, quyidagilar aks etgan ichki qoidalarni ishlab chiqishlari lozim:

 · tavakkalchiliklarni  aniqlash,  baholash,   monitoring   qilish,   kamaytirish va hujjatlashtirishga doir choralarni amalga oshirish tartibi;

 · mijozlarni va ularning benefitsiar mulkdorlarini lozim darajada tekshirish, shuningdek mijozlar operatsiyalarining muntazam nazoratini amalga oshirish qoidalari;

 · kerakli axborotni rasmiylashtirish va uning maxfiyligini ta’minlash tartibi;

 · shubhali operatsiyalarni aniqlash tartibi, shuningdek bunday operatsiyalar to‘g‘risidagi xabarlarni tayyorlash va maxsus vakolatli davlat organiga yuborish tartibi;

 · kadrlarni tayyorlash va o‘qitishga qo‘yiladigan malakaviy talablar;

 · jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida texnologik yutuqlardan foydalanilishining oldini olishga qaratilgan choralar;

 · yuqori mansabdor shaxslar, ularning oila a’zolari va yuqori mansabdor shaxslarga yaqin shaxslar bilan amaliy ish munosabatlariga kirishish va ular tomonidan amalga oshirilayotgan operatsiyalarni chuqur monitoring qilish tartibi;

 · yuqori tavakkalchilik darajasi toifasiga kiritilgan mijozlarning hisobini yuritish va monitoring qilish hamda bunday mijozlar operatsiyalarini monitoring qilish tartibi;

 · qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa qoidalar.

  Shuningdek, qoidalar 195 band bilan to‘ldirilgan bo‘lib, unga ko‘ra chet el lizing beruvchilarining alohida bo‘linmalari (agar mavjud bo‘lganda) jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishda ular joylashgan mamlakatning xalqaro standartlari va talablariga javob berishi kerak. Agar qabul qiluvchi mamlakat qonunlarida ichki nazoratning unchalik qattiq bo‘lmagan choralari nazarda tutilgan bo‘lsa, unda ular lizing beruvchining ichki qoidalar asosida boshqarilishi kerak. Shu bilan birga, Lizing beruvchilar o‘zlarining xorijdagi alohida bo‘linmalaridan mazkur ajratilgan bo‘linmalar joylashgan mamlakat qonun hujjatlaridagi taqiqlar tufayli jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli tadbirlarni amalga oshirish mumkin bo‘lmagan holatlar to‘g‘risida lizing beruvchi bosh ofisini xabardor qilishni talab qilishlari shart. O‘z navbatida, lizing beruvchi bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligini va maxsus vakolatli davlat organini xabardor qilishi shart.

  Kiritilgan yangi 291-bandda Lizing beruvchi ichki va tashqi vaziyatlarning o‘zgarishini inobatga olgan holda, lizing beruvchining ichki nazorat tizimini doimiy ravishda monitoring qilib boradi va samaradorligini baholab boradi, shuningdek zarur holda samarali ishlashini ta’minlash uchun uning faoliyatini kuchaytiradi. Lizing beruvchida ichki audit xizmati mavjud bo‘lganda, ichki nazorat faoliyati samaradorligini monitoringi ichki audit xizmati tomonidan amalga oshirilishi belgilab berildi.

 Boshqa o‘zgarishlar va qo‘shimchalar ham kiritildi.

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.