Joriy yilning 12 yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan “Oʻzbekistonda davlat moliyasini boshqarishning zamonaviy va ilgʻor ilmiy-texnikaviy yutuqlarini hamda tajribalarini keng joriy etish” mavzusida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida yuklatilgan vazifalarni yuqori darajada bajarish maqsadida davra suhbati tashkil etildi. Davra suhbatini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining oʻrinbosari – Gʻaznachilik boshligʻi Dilshod Neʼmatovich Sattarov ochib berdi.
Davra suhbatini Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining oʻrinbosari – Gʻaznachilik boshligʻi Dilshod Neʼmatovich Sattarov ochib berdi.
Moliya vazirining oʻrinbosari – Gʻaznachilik boshligʻi oʻz maʼruzasida davlat moliyasini boshqarish yoʻnalishida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, avvalambor, davlat moliyasini boshqarish va soliq maʼmurchiligini yanada takomillashtirish, moliya organlari faoliyati samaradorligini oshirish,Oʻzbekiston Respublikasining 2017-2021 yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasi, Maʼmuriy islohotlar Kontseptsiyasi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida moliya idoralariga bildirgan munosabatlari boʻyicha eng dolzarb va koʻp yillardan buyon yechimini kutayotgan vazifalarni bajarilishiga qaratilishi lozimligi haqida taʼkidlab oʻtdi.
Davra suhbati jarayonida Moliya vazirligining malakali mutaxassislari Oʻzbekiston Respublikasining 2018 yilga moʻljallangan byudjet siyosati, byudjet jarayonini takomillashtirish, oʻrta va uzoq muddatga byudjetni rejalashtirish, natijaga yoʻnaltirilgan byudjet tizimini ishlab chiqish va joriy etish, nomarkazlashtirish, Davlat byudjetining gʻazna ijrosi mexanizmlarini takomillashtirish, ichki audit va moliyaviy nazorat, shuningdek pensiya tizimini takomillashtirish yuzasidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan oʻz taqdimotlarini namoyish etdilar.
Tadbirda moliya va iqtisod yoʻnalishidagi respublikamizning bir qator vazirlik va idoralari, ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy oʻquv yurtlari vakillari hamda tadbirkorlar safidan tashkil topgan sohaning yuqori tajribaga ega boʻlgan mutaxassislari ishtirok etdilar.
Shuningdek, davra suhbati jarayonida ishtirokchilarga Moliya vazirligi tomonidan davlat moliyasi tizimini takomillashtirish masalalarini qamrab olgan maxsus soʻrovnomalar tarqatildi va ularga javoblar olindi.
Davra suhbati soʻngida ishtirokchilar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 22 dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida taʼkidlangan Internet tarmogʻida “Mening fikrim” deb nomlangan maxsus veb-sahifani ochish boʻyicha bildirgan takliflari asosida, davlat moliyasi tizimini takomillashtirish boʻyicha sohaga qiziqishi yuqori boʻlgan malakali mutaxasislardan iborat boʻlgan guruh tashkil etish va ularni moliya vazirligi taqdim etayotgan shunday maydonlarda jamlash, mamlakatimiz fuqarolari davlat va jamiyat hayotida davlat moliyasini takomillashtirishga daxldor boʻlgan muhim masalalar boʻyicha oʻz fikrlarini bildirishning poydevorini yaratish takliflarini berdilar.
Davra suhbati qizgʻin bahs va munozaralar tarzida oʻtdi va tegishli qarorlar qabul qilindi.