РУССКИЙ  |  O'ZBEKCHA  |  ENGLISH                          

       O'zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi

Ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamni tayinlash tizimini takomillashtirilish: “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi Sirdaryo viloyatida tajriba - sinov tariqasida joriy etilgan

Diana Gardanova
21
May 2020
268 marta ko'rildi

Ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordamni tayinlash tizimini takomillashtirilish: “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi Sirdaryo viloyatida tajriba - sinov tariqasida joriy etilgan

Concrete

So’ngi davrda davlatimizda iqtisodiyot tarmoqlari va davlat boshqaruvi tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda aholimizga davlat xizmatlarini ko’rsatish jarayonini engillashtirish va ortiqcha qog’ozbozlikni yo’qotish masalalariga katta va jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Ayniqsa, koronavirus pandemiyasi davrida aholimizning asosiy qismi karantin talablariga rioya qilib uyda o’tirganida, ularga davlat xizmatlarini masofadan ko’rsatish va sanitariya me’yorlari jihatidan qog’oz ko’rinishidagi hujjatlarning aylanishini kamaytirish naqadar dolzarbligi va muhimligi yaqqol namoyon bo’lmoqda.

Mana shunday davlat xizmatlaridan biri – bu kam ta’minlangan oilalarga 14 yoshgacha bolalari bo’lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to’lgunga qadar bola parvarishi bo’yicha nafaqa va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamni (keiyngi o’rinlarda – ijtimoiy nafaqalar) tayinlab to’lashdir. Ushbu ijtimoiy nafaqalarni tayinlash jarayonida rasmiyatchilik, sansalorlik va byurokratiya avj olgan desak xato qilmaymiz. Bunda, yordamga muhtoj bo’lgan oilalarni turli xil ma’lumotnomalar va boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni yig’ishdan ozod etishning allaqachon vaqti kelgan. 

Mazkur muammoni bartaraf etish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan halqaro tajribaga nazar tashlanib, horijda shu kabi jarayonlarning yo’lga qo’ish usullari o’rganilganda, ko’plab rivojlangan mamlakatlarda aholiga pul yoki mahsulot ko’rinishidagi yordamlarni ko’rsatish tizimi avtomatlashtirilganligi hamda muhtoj insonlar va oilalarga shu kabi davlat xizmatlari elektron tizimlar yordamida amalga oshirilayotganligi aniqlandi. Ushbu o’rganishlar natijasida “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimi (keyingi o’rinlarda – Yagona reestr) yaratildi. 
Biz quyidagi savol-javoblar orqali ushbu axborot tizimining mazmun-mohiyati, afzalliklari va takomillashtirish bosqichlari to’g’risida imkon qadar batafsil yoritishga harakat qilamiz.

1. Yagona reestr – bu qanday tizim va uning ijobiy tomonlari qanday?

Yagona reestr – boshlang’ich bosqichda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash uchun inson omilisiz oila (fuqaro)ning muhtojligini o’zi aniqlaydigan, nafaqalarni tayinlab, to’lovlarni amalga oshiradigan va nazorat qiladigan, xarajatlar hisobini yuritadigan avtomatlashgan axborot tizimidir. 

Keyingi bosqichlarda bu tizim ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro va oilalarga davlat tomonidan ko’rsatiladigan pul yoki mahsulot ko’rinishidagi barcha yordam turlarini (ota-onalar to’lovisiz maktabgacha ta’lim muassasasiga qatnash, o’quvchilarni bepul darsliklar to’plami bilan ta’minlash, sog’liqni saqlash muassasalarida bepul yoki imtiyozli tibbiyot xizmatlarini ko’rsatish, ipoteka kreditlari uchun boshlang’ich badalini to’lash va boshqa) qamrab oladi.

Yagona reestrning ijobiy tomonlari quyidagicha:

1) taqdim etiladigan ma’lumotlarga zarurat bo’lmasligi hisobiga ijtimoiy nafaqalarga muhtoj oilalar uchun ariza berish jarayoni keskin engillashadi, ushbu oilalar uchun ma’lumotlarni yig’ish kabi sarsongarchiliklarga barham beriladi;
2) kam ta’minlanganlikni e’tirof etish hamda ijtimoiy nafaqalarni tayinlash yoki rad etish jarayoni maksimal darajada shaffolashadi.

Nafaqani tayinlash yoki rad etish to’g’risida qaror faqat Yagona reestr axborot tizimi tomonidan (unga kiritilgan mezonlar asosida) qabul qilinadi, bunda hech qanday inson omili mavjud emas.

3) hozirgi kunda kam ta’minlangan oilalarga davlat tomonidan turli xil yordamlar (bolasi ota-onalar to’lovisiz bepul bog’chaga qatnaydi, maktabda bepul darsliklar va qishki kiyim-bosh bilan ta’minlanadi, sog’liqni saqlash muassasalarida bepul davolanadi va boshqalar) amalga oshirilmoqda. Biroq: 
ushbu yordamlarga muhtoj oilalarni aniqlash tartibi hech qanday qonunchilik hujjatlarda belgilanmagan;
qaysi oilaga qanday va necha pullik davlat tomonidan yordamlar ko’rsatilganligi to’g’risida ma’lumotlar bazasi mavjud emas.

Yagona reestr mana shunday ma’lumotlar bazasiga aylanadi va ushbu baza orqali avtomatik tarzda barcha ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko’rsatish imkonini beradi.

2. Mazkur axborot tizimi joriy etilganda ijtimoiy nafaqalarni olish jarayonida aholimiz uchun qanday engilliklar yaratiladi?

Hozirgi kunda ijtimoiy nafaqalarni olish uchun yordamga muhtoj oila a’zolari quyidagi ma’lumotnomalar va hujjatlarni mahalla fuqarolar yig’iniga taqdim etishi kerak:

oilaning tarkibi va daromadlari to’g’risidagi ma’lumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi bo’yicha nafaqa olish uchun - bolalarning tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomalari nusxalari;
asosan yashab turgan joyi bo’yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun - doimiy yashash (doimiy propiska) joyi bo’yicha bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo’yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlanmaganligi va to’lanmaganligi to’g’risida fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma;
agar bolalar vasiylikka olingan bo’lsa - vasiylik va homiylik organining qaroridan ko’chirma. Bundan tashqari, moddiy yordamga ehtiyojmandlik to’g’risidagi arizaga, ariza beruvchining xohishiga ko’ra, oilaning ehtiyojmandligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.

Ko’rib turganizdek, ushbu hujjatlarni yig’ish jarayoni ancha vaqt va sabr talab etadi. Buning ustiga, shuncha yugura-yugurdan so’ng mahalla fuqarolar yig’ini “hujjatlaringni olmayman, kamchiligi bor yoki pul yo’q, keyingi oyda kelgin” deb qaytarib yuborish bo’yicha ko’plab holatlar mavjud va davom etmoqda.

Shundan keyin ham bir qator jarayon amalga oshiriladi: birinchidan, hujjatlar taqdim etilgandan so’ng arizachi va uning oila a’zolarining daromadlari hisob-kitob qilinadi;
ikkinchidan, arizachining uyiga 5 kishilik maxsus komissiya borib, oilaning moddiy va mulkiy holatini o’rganib chiqadi, uning xulosasi mahalla fuqarolar yig’inida tashkil etilgan oqsoqollardan iborat yana 15 kishilik komissiyaga taqdim etiladi;
uchinchidan, ushbu 15 kishilik komissiya oila daromadi va maxsus komissiyasining xulosasini ko’rib chiqib, oilaga ijtimoiy nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish to’g’risida qaror qabul qiladi.

Ushbu jarayonda talab darajasida shaffoflik yo’q bo’lib, ijtimoiy nafaqani tayinlash (yoki tayinlamaslik) to’g’risida qarorni qabul qilishda inson omilining katta ta’siri mavjuddir.

Yangidan yaratilgan Yagona reestr uchun esa oila a’zolarining bor-yo’g’i pasporti (voyaga etganlar uchun), tug’ilganlik to’g’risida guvohnoma (bolalar uchun) va nikohni qayd etish to’g’risida guvohnoma (mavjud bo’lganda) nusxalari talab etiladi. Ushbu hujjatlar mahalla fuqarolar organlariga taqdim etiladi va bunda ushbu hujjatlarni qabul qilinmasligiga yo’l qo’yilmaydi.

Qabul qilingan hujjatlar byudjetdan tashqari Pensiya jamg’armasining tuman (shahar) bo’limlariga taqdim etilgandan so’ng ariza va uning oila a’zolari shaxsini tasdiqlovchi hujjatlardagi ma’lumotlar Yagona reestrga kiritiladi.

Oilaning muhtojligini aniqlash uchun zarur bo’ladigan boshqa ma’lumotlar (oila a’zolari daromadlari (ish haqi, pensiya, stipendiya va boshqa), nomida mavjud ko’chmas mol-mulki, avtotransport vositalari, ishlaganligi yoki ishsiz bo’lganligi, ishsiz bo’lib mehnat organlariga murojaat qilganligi to’g’risida) Yagona reestr orqali soliq, kadastr, ichki ishla, mehnat va boshqa idoralardan avtomatik ravishda elektron tarzda olinadi.
 

 

Oxirgi o'zgartirish Payshanba, 21 May 2020 10:36

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Ishonch telefoni bo'yicha murojaatlar statistikasi

Paris

Vazirlikka kelgan xatlar holatini ko'rish

Yangiliklar taqvimi

« Iyun 2020 »
Dush Sesh Chor Pay Jum Shan Yak
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30          

Axborot-hisoblash markazining tezkor aloqa raqami (0-371) 202 03 02

Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazining "UzASBO va "DMBAT" dasturiy majmualari bo'yicha "Tezkor aloqasi"

Statistika

Hozir 311 mehmonlar va ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi yo'q saytda

Arxiv

Ishonch telefonlariga bo'lgan qo'ng'iroqlarni baholash statistikasi

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, sichqoncha bilan belgilab, administratorni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

© 2020 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan olingan
ma'lumotlardan foydalanilganda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb sayti 
www.mf.uz ko‘rsatilishi shart. Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi AHM tomonidan amalga oshiriladi

Our website is protected by DMC Firewall!