РУССКИЙ  |  O'ZBEKCHA  |  ENGLISH                          

       O'zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi

Chet el valyutasidagi operatsiyalar bo’yicha kurs farqlari hisobi va ularni soliqqa tortishning o’ziga xos xususiyatlari

Diana Gardanova
18
May 2020
201 marta ko'rildi

Chet el valyutasidagi operatsiyalar bo’yicha kurs farqlari hisobi va ularni soliqqa tortishning o’ziga xos xususiyatlari

Globallashuv jaryonida dunyo mamlakatlari bir-biri bilan savdo-iqtisodiy aloqalar olib borishi natijasida o’zaro valyuta operatsiyalari vujudga keladi. Valyuta operatsiyalar bo’yicha muomalalarni yaxlit bir tizimga keltirish va hisobini yuritishda biznes tili hisoblangan buxgalteriya hisobi ma’lumotlariga tayaniladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda aholining tadbirkorlik darajasini oshirish va ularga keng sharoitlar yaratish maqsadida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur islohatlar Hukumat tomonidan qabul qilingan hujjatlarda o’zining yorqin ifodasini topgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 sentyabrdagi PF-5177-son “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo’yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoni bilan yuridik shaxslarga o’z mablag’larini banklarda chet el valyutasiga cheklovlarsiz erkin konvertatsiya qilish huquqi berilgan.

O’zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to’g’risida”gi Qonuni bugungi kunda mamlakat valyuta bozori erkinlashishi va eksport imkoniyatlari kengayishida ustuvor asos bo’lib xizmat qilmoqda.

Shuningdek, mazkur Qonunga asosan Markaziy bank valyuta operatsiyalari bo’yicha buxgalteriya hisobi, statistik hisobotlar va boshqa hisobotlar maqsadlari uchun, shuningdek O’zbekiston Respublikasi hududida bojxona hamda boshqa majburiy to’lovlarni hisoblab chiqarish uchun valyuta kursini muntazam ravishda belgilab boradi.

Xo’jalik yurituvchi sub’ektlar moliya-xujalik faoliyatini amalga oshirish jarayonida vujudga keladigan valyuta operatsiyalari hisobi buxgalteriya hisobi to’g’risidagi qonun-xujjatlari bilan tartibga solinadi.

O’zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to’g’risida”gi Qonuniga muvofiq, O’zbekiston Respublikasida barcha xo’jalik yurituvchi sub’ektlar milliy valyutada ― so’mda buxgalteriya hisobini yuritadi va moliyaviy hisobotlarni taqdim etadi.

Korxonalar balansning valyuta moddalarini har oy hisobot oyining oxirgi sanasi va xo’jalik operatsiyalarni amalga oshirish sanasida Markaziy bank kursi bo’yicha qayta baholashni amalga oshiradi.

Qayta baholash va kurs farqlarini aniqlash maqsadida balansning valyuta moddalariga quyidagilar kiradi:

- kassadagi va bank hisobvaraqlaridagi valyuta mablag’lari;

- to’lanishi yoki olinishi chet el valyutasida belgilangan debitorlik va kreditorlik qarzlari, kreditlar va qarzlar, pul ekvivalentlari va boshqa aktivlar va majburiyatlar.

Quyidagilar qayta baholanmaydi:

- chet el valyutasida xarid qilingan xo’jalik yurituvchi sub’ektning asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, o’rnatiladigan asbob-uskunalari, kapital qo’yilmalari, tovar-moddiy zaxiralari;

- xo’jalik yurituvchi sub’ekt, shuningdek xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar ustav kapitalining miqdorlari va ta’sischilari (ishtirokchilari) ulushlarining nisbati;

- ustav kapitaliga va aktsiyalarga investitsiyalar.

22-son BHMS qoidalariga asosan, chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarni hisobga olish bo’yicha buxgalteriya hisobining me’yoriy-huquqiy hujjatlariga muvofiq yuzaga kelgan (kelib chiqqan) kurs farqlari, xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy natijalariga to’g’ridan-to’g’ri olib boriladi.

MHHS (IAS) 21 «Valyuta kurslari o’zgarishining ta’siri» ga muvofiq vujudga keladigan kurs farqlari moliyaviy-xo’jalik faoliyati natijalariga ular yuza kelishiga qarab olib boriladi.

Bugungi kunda 22-son BHMS “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi” MHHS (IAS) 21 “Valyuta kurslari o’zgarishining ta’siri”ga to’liq moslashtirilgan holda amliyotga joriy etilgan.

Balansning valyuta moddalarini har oy qayta baholash natijasida vujudga keladigan kurs farqlari to’g’ridan-to’g’ri olib borish usuli yordamida moliyaviy-xo’jalik faoliyati natijalariga paydo bo’lishiga qarab olib boriladi va buxgalteriya hisobida quyidagi schyotlarda aks ettiriladi:

- ijobiy kurs farqi – 9540 «Valyutalar kurslari farqidan daromadlar» schyotining kredeti bo’yicha;

- salbiy kurs farqi – 9620 «Valyutalar kurslari farqidan zararlar» schyotining debeti bo’yicha.

O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 320-moddasiga muvofiq balansning valyuta moddalarini qayta baholashda, shuningdek chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish chog’ida yuzaga keladigan kursdagi ijobiy (salbiy) farq buxgalteriya hisobi to’g’risidagi qonun hujjatlariga muvofiq jami daromadlar (xarajatlar) tarkibiga kiritiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, foyda solig’i hisob-kitobida valyuta kursidagi ijobiy farq summalari jami daromad tarkibiga kiritilishini, valyuta kursdagi salbiy farq summalari esa xarajatlar tarkibiga kiritilishini hisobga olib, daromadlar va xarajatlar o’rtasidagi ijobiy farq foyda solig’ining soliq bazasi hisoblanadi va belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.

O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi 463-moddasiga muvofiq buxgalteriya balansining valyuta moddalarini qayta baholash chog’ida kursdagi ijobiy va salbiy farqlar o’rtasidagi ijobiy saldo aylanmadan olinadigan soliqni hisoblash ob’ekti sifatida qaraladi. Shuningdek, Soliq kodeksi 463-moddasiga asosan kursdagi salbiy farq summasi kursdagi ijobiy farq summasidan ortiq bo’lgan taqdirda salbiy qoldiq summasi aylanmadan olinadigan soliqni hisoblab chiqarishda soliq bazasini kamaytirmasligi belgilangan.

Muallif Moliya vazirligi mutaxassisi J.Aminboev

Oxirgi o'zgartirish Dushanba, 18 May 2020 10:54
Ushbu toifadagi boshqa materiallar: « #kunraqami #kunraqami »

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Ishonch telefoni bo'yicha murojaatlar statistikasi

Paris

Vazirlikka kelgan xatlar holatini ko'rish

Yangiliklar taqvimi

« Iyun 2020 »
Dush Sesh Chor Pay Jum Shan Yak
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30          

Axborot-hisoblash markazining tezkor aloqa raqami (0-371) 202 03 02

Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazining "UzASBO va "DMBAT" dasturiy majmualari bo'yicha "Tezkor aloqasi"

Statistika

Hozir 326 mehmonlar va ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi yo'q saytda

Arxiv

Ishonch telefonlariga bo'lgan qo'ng'iroqlarni baholash statistikasi

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, sichqoncha bilan belgilab, administratorni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

© 2020 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan olingan
ma'lumotlardan foydalanilganda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb sayti 
www.mf.uz ko‘rsatilishi shart. Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi AHM tomonidan amalga oshiriladi

DMC Firewall is developed by Dean Marshall Consultancy Ltd