РУССКИЙ  |  O'ZBEKCHA  |  ENGLISH                          

       O'zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi

DAVLAT BYUDJETIDAN QISHLOQ HO‘JALIGINI QO‘LLAB-QUVVATLASHGA AJRATILAYOTGAN MABLAG‘LAR SAMARADORLIGI TO‘G‘RISIDA

Chief administrator
29
Apr 2020
570 marta ko'rildi

DAVLAT BYUDJETIDAN QISHLOQ HO‘JALIGINI QO‘LLAB-QUVVATLASHGA AJRATILAYOTGAN MABLAG‘LAR SAMARADORLIGI TO‘G‘RISIDA

 So‘nggi yillarda respublikada qishloq xo‘jaligini isloh qilish, xususan sohada davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, bozor munosabatlarini keng joriy qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini etishtiruvchi, qayta ishlovchi va sotuvchi sub’ektlar o‘rtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlash, sohaga investitsiyalarni jalb qilish, shuningdek, resurstejamkor texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 2019 yilda respublika bo‘yicha jami qariyb  11 ming gektar paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilingan bo‘lib, har bir gektar uchun davlat byudjetidan 8 mln. so‘mdan jami 86,2 mlrd. so‘m subsidiya ajratildi.

 Bundan tashqari, paxta xom-ashyosi etishtiruvchilarining tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy qilish va ularning butlovchi qismlarini sotib olish uchun tijorat banklaridan jalb qilingan kredit majburiyatlari bo‘yicha foiz xarajatlarining 10 foizli punkt miqdorini qoplash uchun Moliya vazirligi tomonidan Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 5 mlrd. so‘m mablag‘ o‘tkazib berildi.

 Shuningdek, davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Uzumchilik va vinochilikni rivojlantirish agentligining Uzum etishtiruvchilar va vino tayyorlovchilarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan uzum plantatsiyalarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish, suv chiqarish uchun burg‘ulangan quduqlarni, shuningdek daryolar,kanallar va boshqa suv havzalaridan suv tortish uchun nasos stantsiyalarini qurishga subsidiya berilgan.

2019 yilda respublika byudjetidan mazkur jamg‘armaga 60 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lardan  25,1 mlrd. so‘mi o‘zlashtirilgan. Jumladan, tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etishga 14,0 mlrd. so‘m va suv quduqlarini qurishga 11,1 mlrd.so‘m subsidiya ajratilgan. 2019 yilda 3 639 gektar maydonda yangi tokzorlar barpo qilingan bo‘lsa, 2 007 gektar maydonda tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilingan. Mazkur hududlarga suv chiqarish uchun 92 ta yangi quduqlar burg‘ulangan.

 Yangi tokzorlar barpo qilinayotgan hududlarning aksariyati lalmi maydonlarga to‘g‘ri kelayotganligi, birinchi navbatda respublika hududlaridagi foydalanilmay turgan erlarni o‘zlashtirish, foydalanishga kiritish hamda suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladi. Barpo qilingan tokzorlar uch yildan keyin hosilga kirishi aholining real daromadlari oshishiga  va qo‘shimcha yangi ish o‘rinlari tashkil qilinishiga zamin yaratadi.

 Mazkur ishlarni davom ettirish hamda yanada jadallashtirish maqsadida, 2020 yilda jami 44 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni tadbiq etishni rag‘batlantirish tadbirlariga, respublika konsolidatsiyalashgan byudjeti hisobidan jami 318,8 mlrd. so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil  28 fevraldagi PQ–3574-son “Paxta xom ashyosi va boshoqli don etishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida, 2019 yilda fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlarining paxta xom-ashyosi va boshoqli don etishtirish uchun iste’mol qilgan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun davlat byudjetidan 150,8 mlrd. so‘m miqdorida subsidiyalar ajratilgan. Mazkur yo‘nalishda fermer xo‘jaliklarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida, davlat byudjetining 2020 yil parametrlarida 344,6 mlrd. so‘m ajratish rejalashtirilgan.

 Shuningdek 2019 yilda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 martdagi PQ–4246-son qaroriga asosan, belgilangan bir qator tovar guruhlari bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini respublikaga import qilishdan tushgan bojxona to‘lovlari summasining 10 foizi miqdorida, jami 15,7 mlrd. so‘m mablag‘lar Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkazib berilgan.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil  2 iyuldagi PQ–3824-son “Fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini tubdan yaxshilash va ularga bank xizmatlari ko‘rsatishni takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari 

 va tomorqa er egalari kengashlari huzurida tashkil etilgan, Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari xodimlarining ish xaqi va unga tenglishtirilgan to‘lovlarini moliyalashtirish uchun, davlat byudjetidan 2019 yilda 85,2 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan va 2020 yilda ushbu to‘lovlar uchun 100 mlrd. so‘m ajratish rejalashtirilgan.  

 Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobi va hisobotini yuritish markazlari tashkil etilishi, fermer xo‘jaliklarida hisob tizimini yaxshilash, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish, umuman olganda fermer xo‘jaliklarida hisob-kitoblarning to‘laqonli yuritilishiga xizmat qiladi.

 Yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda, qishloq xo‘jaligi zararkunandalariga qarshi kurashish hamda favqulodda holatlarda hosilni saqlash tadbirlariga 2019 yilda davlat byudjetidan 120 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lsa, ushbu tadbirlarga 2020 yil uchun tasdiqlangan davlat byudjeti parametrlarida ham 120 mlrd. so‘m ko‘zda tutilgan.   

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Ishonch telefoni bo'yicha murojaatlar statistikasi

Paris

Vazirlikka kelgan xatlar holatini ko'rish

Yangiliklar taqvimi

« Iyun 2020 »
Dush Sesh Chor Pay Jum Shan Yak
1 2 3 4 5 6 7
8 9 10 11 12 13 14
15 16 17 18 19 20 21
22 23 24 25 26 27 28
29 30          

Axborot-hisoblash markazining tezkor aloqa raqami (0-371) 202 03 02

Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazining "UzASBO va "DMBAT" dasturiy majmualari bo'yicha "Tezkor aloqasi"

Statistika

Hozir 255 mehmonlar va ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi yo'q saytda

Arxiv

Ishonch telefonlariga bo'lgan qo'ng'iroqlarni baholash statistikasi

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, sichqoncha bilan belgilab, administratorni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

© 2020 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan olingan
ma'lumotlardan foydalanilganda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb sayti 
www.mf.uz ko‘rsatilishi shart. Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi AHM tomonidan amalga oshiriladi

DMC Firewall is a Joomla Security extension!