РУССКИЙ  |  O'ZBEKCHA  |  ENGLISH                          

       O'zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi

PENSIYA VA NAFAQA PULLARINI YETKAZIB BERISH SOHASIDAGI NAZORAT TADBIRLARINING NATIJALARI BO'YICHA MA'LUMOT

23
Sen 2019
585 marta ko'rildi

PENSIYA VA NAFAQA PULLARINI YETKAZIB BERISH SOHASIDAGI NAZORAT TADBIRLARINING NATIJALARI BO'YICHA MA'LUMOT

Concrete

Oʼzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari АT “Xalq banki” tomonidan pensiya va nafaqalarni oʼz vaqtida va toʼgʼri tarqatilishi hamda budjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasi mablagʼlarining maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat ishlari olib borilmoqda.

АT “Xalq banki” tomonidan fuqarolarga pensiya, ijtimoiy nafaqalar va boshqa toʼlovlarni toʼgʼri toʼlanishi yuzasidan oʼtkazilgan nazorat tadbirlarida bir qator xato va kamchiliklarga yoʼl qoʼyilganligi aniqlandi, jumladan:

АT “Xalq banki”ning filiallarida 159 nafar pensionerlarning 55 mln.soʼmlik pensiya va nafaqa pullari bank xodimlari tomonidan oʼzlashtirilgan boʼlsa, toʼlov vedomostlarida imzolari boʼlmagan 446 nafar pensionerlarning 144,4 mln.soʼmlik pensiyalari asossiz xarajatga chiqarilgan. Misol uchun, Bankning Boysun tuman filiali gʼaznachisi tomonidan 71 nafar fuqarolarning 2019 yil may oyi pensiyalari egalariga tarqatilmasdan 38 mln.soʼm mablagʼlarni oʼz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborilgan. Shu bilan birga, 120 nafar vafot etgan va ozodlikdan mahrum etilgan fuqarolarga 60 mln.soʼm toʼlovlar amalga oshirilgan hamda 642 nafar pensionerlarning 314,3 mln.soʼmlik pensiya va nafaqalari ishonchnomasi boʼlmagan holda boshqa fuqarolarga berib yuborilishiga yoʼl qoʼyilgan.

Jamgʼarmadan АT “Xalq banki”ga yotoqda boʼlgan nogiron pensionerlar uchun nafaqalarni yetkazib berish xarajatlari qoplab berilayotgan boʼlsada, 649 nafar yotoqda boʼlgan va yurish imkoniyati cheklangan fuqarolarning 283,3 mln.soʼmlik pensiyalari uylariga olib borib berilmagan.Shuningdek, yashash manzilida boʼlmagan va boshqa hududlarga koʼchib ketgan fuqarolarga 301 mln.soʼmlik pensiyalar oʼrnatilgan tartibga zid ravishda toʼlangan. Bundan tashqari, pensiya va nafaqalar oyning 26 sanasigacha toʼliq tarqatilishi belgilangan boʼlsada АT “Xalq banki” filiallari tomonidan qariyib 39 ming nafar fuqarolarga 13,5 mlrd.soʼmlik pensiya va nafaqalar belgilangan muddatidan kechiktirilib toʼlanishiga yoʼl qoʼyilgan.

Shuningdek, budjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasining Samarqand viloyati boshqarmasi tassarrufidagi tuman (shahar) boʼlimlarida pensiya va nafaqalarni tayinlanishi hamda toʼlanishi yuzasidan oʼtkazilgan nazorat tadbirlarida 165 holatda jami 168,6 mln.soʼmlik Jamgʼarma mablagʼlari noqonuniy sarflanganligi aniqlandi. Jumladan, fuqarolarga pensiya tayinlanishida ularning pasportidagi tugʼilgan yili oʼzgartirilib, pensiya huquqi paydo boʼlmasdan turib, pensiya tayinlanishi va toʼlanib kelinishi natijasida 9 holatda 61,1 mln.soʼm miqdorida Jamgʼarma mablagʼlari asossiz sarflangan. Misol uchun, Jamgʼarmaning Payariq tuman boʼlimi tomonidan haqiqatda 1957 yil 27 dekabrda tugʼilgan va pensiya olish huquqi mavjud boʼlmagan fuqaroning tugʼilgan yilini 1952 yil 27 dekabrga oʼzgartirilib, “Pensiya” dasturiga kiritilishi va muddatidan 5 yil oldin yaʼni 2014 yilda pensiya tayinlanishi oqibatida 18,8 mln.soʼm asossiz pensiya puli toʼlab kelingan.

Shuningdek, Oʼzbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti tugʼrisida”gi Qonunida davlat pensiyalarining turli xillarini olish huquqiga ega boʼlgan fuqarolarga ularning oʼzlari tanlagan bir turdagi pensiya tayinlanishi belgilangan boʼlsada, bir vaqtning oʼzida bir fuqaroga ikki turdagi pensiya va nafaqalarning tayinlanib, toʼlab kelinishi natijasida 14 holatda 21,2 mln.soʼm miqdoridagi Jamgʼarma mablagʼlari noqonuniy sarflangan. 

Jamgʼarmaning tuman (shahar) boʼlimlari masʼul xodimlari tomonidan fuqarolarning ish haqi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarini “Pensiya” dasturiga notoʼgʼri kiritilishi oqibatida 35 holatda 41,8 mln.soʼm miqdoridagi Jamgʼarma mablagʼlari asossiz ortiqcha sarflanishiga yoʼl qoʼyilgan. Misol uchun, Jamgʼarmaning Kattaqoʼrgʼon tuman boʼlimida yoshga doir pensiya tayinlanishida fuqaroning ish haqi toʼgʼrisidagi maʼlumotlarini “Pensiya” dasturiga notoʼgʼri kiritilishi oqibatida fuqaroga 2016-2018 yillarda va 2019 yilning oʼtgan davrida 8,7 mln.soʼm ortiqcha pensiya puli toʼlangan.

Shu bilan birga, korxona va tashkilotlar tomonidan beriladigan maʼlumotnomalardagi ish haqlarini notoʼgʼri yozib berilishi oqibatida 3 holatda 7,8 mln.soʼm miqdorida mablagʼlar ortiqcha sarflanganligi aniqlangan. Misol uchun, Jamgʼarmaning Urgut tuman boʼlimida fuqaroga yoshga doir pensiya tayinlanishida, Urgut tuman Tibbiyot birlashmasi tomonidan berilgan ish haqi toʼgʼrisidagi maʼlumotnomasida fuqaro ishlamagan davr uchun asossiz ish haqi yozib berilganligi natijasida fuqaroga 2 mln.soʼm ortiqcha pensiya puli toʼlanganligi aniqlanib, fuqaroga tayinlangan yoshga doir pensiya bekor qilingan va 11 mln.soʼm miqdoridagi noqonuniy pensiya toʼlovlarining oldi olingan.

Bulardan tashqari, Jamgʼarmaning tuman (shahar) boʼlimlarining masʼul xodimlari tomonidan boquvchisini yoʼqotganlik pensiyasi muddati tugagandan ushbu pensiya toʼlovlari oʼz vaqtida toʼxtatilmaganligi natijasida 80 holatda 18,8 mln.soʼm, boquvchisini yoʼqotganlik pensiyalari va 16 yoshgacha bolalikdan nogironlik nafaqasi tayinlanishiga asos boʼlgan fuqarolar vafot etgani holda 21 holatda 8,9 mln.soʼm, tayinlangan imtiyozli pensiya talablarini asossiz ravishda oʼzgartirilishi natijasida 3 holatda 8,9 mln.soʼm miqdorida Jamgʼarma mablagʼlari noqonuniy sarflanishiga yoʼl qoʼyilgan. Misol uchun, Jamgʼarmaning Samarqand shahar boʼlimi tomonidan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʼgʼrisida”gi Qonunning 12-moddasiga asosan 50 yoshga toʼlishi bilan imtiyozli ravishda pensiya tayinlangan fuqaroga mazkur Qonunning 49-51 moddalariga zid ravishda fuqaro 54 yoshga kirganida mehnat staji oʼzgartirilib, pensiya miqdori notoʼgʼri oshirilishi natijasida 3,5 mln.soʼm Jamgʼarma mablagʼlari asossiz sarflangan. 

Budjetdan tashqari Pensiya jamgʼarmasining mablagʼlarini maqsadli sarflanishi yuzasidan oʼtkazilgan nazorat tadbirlari hujjatlari belgilangan tartibda huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborildi.

Oxirgi o'zgartirish Dushanba, 23 Sentyabr 2019 15:00

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Ishonch telefoni bo'yicha murojaatlar statistikasi

Paris

Vazirlikka kelgan xatlar holatini ko'rish

Yangiliklar taqvimi

« Dekabr 2019 »
Dush Sesh Chor Pay Jum Shan Yak
            1
2 3 4 5 6 7 8
9 10 11 12 13 14 15
16 17 18 19 20 21 22
23 24 25 26 27 28 29
30 31          

Axborot-hisoblash markazining tezkor aloqa raqami (0-371) 202 03 02

Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazining "UzASBO va "DMBAT" dasturiy majmualari bo'yicha "Tezkor aloqasi"

Statistika

Hozir 311 mehmonlar va ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi yo'q saytda

Arxiv

Ishonch telefonlariga bo'lgan qo'ng'iroqlarni baholash statistikasi

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, sichqoncha bilan belgilab, administratorni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

© 2019 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan olingan
ma'lumotlardan foydalanilganda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb sayti 
www.mf.uz ko‘rsatilishi shart. Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi AHM tomonidan amalga oshiriladi

DMC Firewall is a Joomla Security extension!