O’zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan hamda uning kafilligi ostida jalb qilingan tashqi qarz 2019 yilning birinchi yarim yilligi davomida 3 201,9 mln. AQSh dollariga oshib, joriy yilning 1 iyul holatiga
13 092,5 mln. AQSh dollarini yoki Yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 23,5 foizni tashkil etdi.
2019 yilning birinchi yarmida O’zbekiston Respublikasi davlat tashqi qarzi oshishiga quyidagi omillar sabab bo’ldi:
- joriy yilning fevral oyida 1 mlrd. AQSh dollariga teng davlat xalqaro obligatsiyalarining chiqarilishi;
Ma’lumot uchun: suveren xalqaro obligatsialardan tushgan mablag’lar tijorat banklari depozitlariga va yirik investitsion loyihalarni moliyalashtirishga yo’naltirilishi natijasida davlat tashqi qarziga xizmat ko’rsatish davlat byudjetining xarajatlarini oshirmaydi.
- O’zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolangan shartnomalar doirasida 1 031,1 mln. AQSh dollariga va O’zbekiston Respublikasi Hukumati kafilligi ostida imzolangan shartnomalar doirasida 1 312,7 mln. AQShdollariga teng mablag’larning o’zlashtirilishi;
Tadbir davomida Davlat qarzini boshqarish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi haqida ham to’xtalib o’tildi.Xususan,O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan Jahon banki va Xalqaro valyuta jamg’armasi bilan hamkorlikda 2020-2021 yillar uchun “Davlat qarzini boshqarishning o’rta muddatli strategiyasi” loyihasi ishlab chiqish ustida ish olib borilmoqda.
2020-2021 yillar uchun O’zbekiston Respublikasi davlat qarzini boshqarishning o’rta muddatli strategiyasini ishlab chiqishda quyidagilarga ahamiyat berilmoqda:
- O’zbekiston Respublikasi Hukumatining qarz jalb qilishga bo’lgan ehtiyojini imkon qadar kam xarajat va xatarlar evaziga moliyalashtirish;
- Davlat qimmatli qog’ozlari bozorini rivojlantirish;
- moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish.
Shu bilan birga,BMT “Savdo va taraqqiyot konferentsiyasi” (UNCTAD) vakillarining 2018 yil dekabr oyidagi missiyasi doirasida dunyoning 57 dan ziyod rivojlanayotgan mamlakatlarida davlat qarzini samarali boshqarish, hisobini va monitoringini yuritishda keng qo’llaniladigan “Qarzlarni boshqarish va moliyaviy tahlil tizimi” DMFAS dasturiy majmuasi ishga tushirildi. Hozirgi kunda davlat qarziga oid ma’lumotlarni dasturiy majmuaga kiritish ishlari davom etmoqda.
Tadbir yakunida OAV vakillari o’zlarini qiziqtirgan savollarga tegishli javoblar olishdi.