O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 oktyabrdagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora tadbirlari to’g’risida”gi PQ-3962-sonli qarori ijrosi yuzasidan qabul qilingan O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada takomillashtirish va ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi 166-sonli buyrug’iga muvofiq, 2018 yilning 2-30 oktyabr kunlari “mf.ijro.uz” dasturiy ta’minotiga ulanishi va vazirlik markaziy apparatini “test” jarayonida ishlashi hamda joriy yilning 1 noyabrdan boshlab barcha hujjatlar aylanmasi butunlay “mf.ijro.uz” tizimiga o’tkazish yo’lga qo’yildi.
Shu bilan birga vazirlikning hududiy moliya organlari va g’aznachilik bo’linmalari hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlarida “mf.ijro.uz” tizimiga o’tish jarayoni 2019 yilning yanvar oyidan rejalashtirilgan.
Yuqorida ta’kidlab o’tilgan Moliya vazirligining 166-buyrug’iga asosan tashkil qilingan Ishchi guruh tomonidan “mf.ijro.uz” dasturiy ta’minotini yanada takomillashtirib borish yuzasidan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda boshqarma va jamg’armalarning taklif va tavsiyalari asosida “UNICON-SOFT” MChJ mutaxassislari dasturga tegishli o’zgartirishlarni kiritishmoqda va dastur tobora takomillashib bormoqda.
Vazirlikning Ijro intizomi va murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi tashabbusi bilan joriy qilingan va joriy yilning 1 noyabridan boshlab devonxonaning barcha hujjatlar aylanmasi mazkur “mf.ijro.uz” elektron dasturiy ta’minot tizimiga o’tilishining quyidagi bir qator afzallik va qulayliklari mavjud bo’lib, jumladan:
- vazirlikka kirim qilinayotgan barcha hujjatlar juda qisqa fursatda tegishli mutasaddi rahbar va ijrochilarga etkaziladi;
- mazkur dasturda ijro etilgan hujjatlar haqidagi ma’lumotlar bir vaqtning o’zida “ijro.gov.uz”- Idoralararo yagona hujjatlar dasturi orqali O’zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Bosh prokuratura bilan integratsiya qilinadi;
- har bir xodim tomonidan ijro etilgan hujjatlarni o’ziga tegishli bo’lgan E-Kalit qurilmasi yordami bilangina ijro nazorati ro’yxatidan chiqaradi va xodimning ish kunida nechta hujjat tayyorlagani hamda ularning bajarilish muddatini monitoring qilish imkonini beradi;
- O’zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining qarorlarini maxsus jurnal va hisob varaqalarida ro’yxatga olish tartibi, ular bo’yicha hisob kartotekalarining qog’oz shaklida rasmiylashtirilishi va yuritilishi, eng muhimi, kirim qilinayotgan barcha hujjatlarning nushalarini ko’paytirish jarayonlari bekor qilindi va ortiqcha sarf-xarajat qilinayotgan katta xajmdagi qog’oz tejalib iqtisod qilinadi.
Bugungi kunda Moliya vazirligida joriy etilgan mazkur “mf.ijro.uz” dasturi vazirlik va idoralar ichida eng birinchi bo’lib joriy etilganligi, shubhasiz “Faol tadbirkorlik, innovatsion g’oyalar va texnologiyalarni qo’llab-quvvatlash yili"da amalga oshirilgan eng muhim g’oyalardan biri ekanligini alohida ta’kidlash joiz.