РУССКИЙ  |  O'ZBEKCHA  |  ENGLISH                          

       O'zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi

BYUDJET TASHKILOTLARIDA ISHLOVCHI XODIMLARNING ISH HAQLARI TOʻGʻRISIDA MAʼLUMOT

28
May 2018
3145 marta ko'rildi

BYUDJET TASHKILOTLARIDA ISHLOVCHI XODIMLARNING ISH HAQLARI TOʻGʻRISIDA MAʼLUMOT

Ijtimoiy soha xodimlarining ish haqi toʻloviga Davlat byudjetidan ajratilgan mablagʻlar va ularning miqdorlari toʻgʻrisida jamoatchilikning xabardorligini oshirish maqsadida Moliya vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi.

2018 yilda ijtimoiy sohani moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 35 034 mlrd.soʻm ajratilgan boʻlib, shundan 68 foizi ish haqi toʻlovlari uchun yoʻnaltirilgan. Jumladan, ish haqi toʻlovlari quyidagicha taqsimlangan:

xalq taʼlimiga – 12 169,8 mlrd.soʻm;
oliy va oʻrta maxsus taʼlimga – 4 007,9 mlrd.soʻm;
sogʻlikni saqlashga – 6 835,3 mlrd.soʻm; 
madaniyat va sportga– 741,5 mlrd.soʻm.

Byudjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlarning ish haqlari (bazaviy) tarif stavkalaridan, shuningdek, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ustamalar va qoʻshimcha toʻlovlardan iborat. 

Misol uchun:

I.    Umumtaʼlim maktablari boshlangʻich sinf oʻqituvchisining (malaka toifalarisiz) ish haqi bazaviy tarif stavkasi 1 133 ming soʻm ni tashkil etadi. Sinf rahbarligi biriktirilgan oʻqituvchilar uchun 172,2 ming soʻm miqdorida qoʻshimcha toʻlov, daftar tekshirishganlik uchun qoʻshimcha 86,1 ming soʻm hamda oʻrtacha 20 foiz – 226,7 ming soʻm (eng yuqori miqdori 40 foiz) miqdorida direktor jamgʻarmasi hisobidan beriladigan ustamani hisobga olgan holda 1 618,8 ming soʻmni tashkil etadi.

Umumtaʼlim maktablaridagi huddi shunday qoʻshimcha toʻlovlarga ega boʻlgan oliy toifali boshlangʻich sinf oʻqituvchisining ish haqi oliy toifa uchun qoʻshimcha toʻlovlarni qoʻshib hisoblaganda 1 908,8 ming soʻmni tashkil etadi.

Belgilangan toʻlovlar bilan bir qatorda chet tili oʻqituvchilari uchun quyidagi miqdorlarda qoʻshimcha oylik ustamalar belgilangan:

qishloq joylarda joylashgan taʼlim muassasalarida – bazaviy tarif stavkaning 30 foizi miqdorida;
boshqa taʼlim muassasalarida –15 foiz.

II.    Oliy maʼlumotga ega, malaka toifasiz, bir stavkada ishlovchi (haftasiga 36 soat) maktabgacha taʼlim muassasasi tarbiyachisining ish haqi moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasidan 15 foiz ustama bilan qoʻshib hisoblaganda 999,2 ming soʻmni tashkil etadi. 9 soatlik ish rejimida 1,25 stavkada (9 soat * 5 kun = 45 soat; 45 soat / 36 soat = 1,25 stavka) ishlovchi tarbiyachining ish haqi miqdori 1 249,0 ming soʻmni tashkil etadi.
Bir stavkada ishlovchi tarbiyachi yordamchisining ish haqi moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasidan toʻlanadigan 15 foizlik ustama bilan birga 701,7 ming soʻmni tashkil etadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 fevraldagi “Davlat maktabgacha taʼlim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq toʻlashni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3571-son qaroriga muvofiq 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab oliy maʼlumotga ega tayyorlov guruhlaridagi tarbiyachilar, oʻqituvchilar, defektologlar, psixologlarning bazaviy tarif stavkasi (moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan 15 foiz ustama bilan) 1 302,9 ming soʻmni tashkil etadi. 

III.    Oliy taʼlim muassasasining ilmiy darajaga ega boʻlmagan katta oʻqituvchisining bazaviy lavozim maoshi 2 085,4 ming soʻmni tashkil etadi.  Maxsus moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan oʻrtacha 15 foiz 312,8 ming soʻm va guruh kuratorligi uchun (agar kuratorlik amalga oshirilsa) 25 foiz 521,3 ming soʻm ustamalarni hisobga olganda ushbu katta oʻqituvchining oylik ish haqi 2 919,6 ming soʻmni tashkil etadi.

Fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan oliy taʼlim muassasasi professorining bazaviy lavozim maoshi 2 408,8 ming soʻm boʻlib, maxsus moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan oʻrtacha 15 foiz 361,3 ming soʻm va guruh kuratorligi uchun (agar kuratorlik amalga oshirilsa) 25 foiz 602,2 ming soʻm ustamalarni hisobga olganda oylik ish haqi 3 372,3 ming soʻmni tashkil qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 apreldagi “Respublika oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3655-son qaroriga muvofiq, 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab, huddi shunday utsamalarni olayotgan ilmiy darajaga ega boʻlmagan oliy taʼlim muassasasi katta oʻqituvchisining ish haqi 3 080,0 ming soʻmni tashkil etadi yoki 5,5 foizga oshadi, fan doktori ilmiy darajasiga ega boʻlgan oliy taʼlim muassasasi professorining ish haqi esa 4 844,0 ming soʻmni tashkil etib, 43,6 foizga oshiriladi.

Oliy taʼlim muassasasi rahbariyati qarori bilan ixtisoslashgan fanlarni chet tillarda oʻrgatuvchi oʻqituvchiga bazaviy lavozim maoshidan 25 foizdan 40 foizgacha ustamalar belgilanishi mumkin.

Oliy tibbiyot taʼlim muassasalarida professor-oʻqituvchi tarkibiga, klinik bazalari hisoblangan klinikalarda davolash-diagnostika ishlarini bajarganligi uchun, egallagan lavozimiga qarab, bazaviy lavozim maoshiga 20 – 30 foiz qoʻshimcha toʻlovlar belgilanadi. 

Madaniyat vazirligining oliy taʼlim muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan professor-oʻqituvchilar tarkibiga uzoq muddat ishlaganligi uchun har oylik ustamalar (bazaviy lavozim maoshining 10 foizidan 50 foizgacha) belgilanadi. Masalan, 25 yildan ortiq ishlagan fan doktori unvoniga ega boʻlgan professorning bazaviy lavozim maoshiga (2 504,8 ming soʻm) har oylik 1 252,4 ming soʻm miqdorida qoʻshimcha toʻlov hisoblanadi.

IV.    Malaka toifasiga ega boʻlmagan qishloq vrachlik punkti umumiy amaliyot shifokorining tarif stavkasi 960,8 ming soʻmni tashkil etadi hamda ishlagan davri uchun oʻrta hisobda 25 foiz (eng yuqorisi 50 foiz) va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasidan 10 foiz miqdorida ustamalarni hisobga olgan holda uning ish haqi 1 297 ming soʻmga yetadi.

Huddi shunday foizdagi ustmalarni oluvchi oliy toifali umumiy amaliyot shifokorining ish haqi esa 37 foizga koʻproq yoki 1 774 ming soʻmga yetadi.

Malaka toifasiga ega boʻlmagan patronaj tibbiyot hamshirasi ishlagan davri uchun oʻrtacha 20 foiz – 119,3 ming soʻm (10 yildan ortiq ishlasa 40 foizgacha) ustama olishga haqli. Uning ish haqi miqdori moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan oladigan oʻrta hisobda 10 foiz – 59,7 ming soʻm ustama bilan 775,6 ming soʻmni tashkil qiladi. Agar ushbu tibbiyot hamshirasining oliy toifasi boʻlganda, uning ish haqi 53 foizga koʻpayadi yoki 1 190,8 ming soʻmni tashkil qiladi.

Tuman markaziy shifoxonasida ishlaydigan malaka toifasiga ega boʻlmagan shifokor-xirurgning tarif stavkasi tuzatish koeffitsiyenti bilan  989,6 ming. soʻmni tashkil etadi. Ish staji uchun oʻrtacha beriladigan 10 foiz (eng koʻp miqdori 20 foiz), alohida mehnat sharoitlari uchun 15 foiz va moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan oʻrta hisobda 10 foiz ustamalar bilan ish haqi 1 335,9 ming soʻmni tashkil etadi. Oliy toifaga ega boʻlgan shifokor-xirurgning ish haqi esa – 1 827,1 ming soʻm.

Xirurgiya boʻlimi tibbiyot xamshirasining lavozim maoshi huddi shu shartdagi ustamalar bilan: malaka toifasiga ega boʻlmaganda – 912,3 ming soʻm va oliy toifasi boʻlganda – 1 214,3 ming soʻmni tashkil etadi. 

Tibbiyot muassasalarining har xil guruhlarida ishlaydigan tibbiyot xodimlarining ish haqlarini, tuzatish koeffitsiyentlarini hisobga olgan holdagi tarif stavkalarini, ish staji uchun ustamalarini, sogʻlik uchun zararli va oʻta ogʻir mehnat sharoitlarda ishlaganligi uchun quyidagi
miqdorlardagi ustamalarni jamlagan holda hisoblash mumkin:

OITSga qarshi koʻrashish muassasalarida, shifokorlar-patalogoanatomlarga – 75 foiz;
sil kasalliklari muassasalarida (silga qarshi kurashish muassasalarida) tibbiyot xodimlariga – 50 foiz;
barcha tibbiyot muassasalari laborantlari, rentgenologlar, anestiziologiya-reanimatsiya va sud-tibbiy ekspertiza boʻlimlari shifokorlariga – 40 foiz;
asab kasalliklari, narkologiya boʻlimlari, patologoanotom markazlari shifokor va oʻrta tibbiyot xodimlari, shifokor-kardioxirurg, mikroxirurg, shifokor-neonatologlarga – 25 foiz; 
psixoterapiya, teri-tanosil, yuqumli, xirurgiya, travmatologiya boʻlimlari, qon quyish stantsiyalari shifokor va oʻrta tibbiyot xodimlariga – 15 foiz va boshqalar.

V.    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi PQ-3727-sonli “Davlat madaniyat muassasalari va davlat arxivlari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning takomillashtirilgan tizimini joriy etish va ularni moddiy ragʻbatlantirishni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq 2018 yilning 1 iyunidan davlat madaniyat muassasalari artistlari, maʼmuriy- boshqaruv, badiiy rahbar, ijodiy va boshqa xodimlarining, shuningdek, davlat arxivlari boshqaruv xodimlari va mutaxassislarining mehnat haqi miqdorlari oʻrtacha 45 foiz oshirildi.

Viloyat darajasidagi teatrda ishlaydigan birinchi toifali artistning tarif stavkasi 1 296,4 ming soʻm etib belgilandi. Uzoq muddat ishlagani uchun 20 foiz (eng koʻpi 40 foizgacha) miqdorida ustama – 259,3 ming soʻm hamda moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan beriladigan 15 foiz ustama – 194,5 ming soʻmni bilan uning ish haqi 1 750,2 ming soʻmni tashkil etadi.

Viloyat darajasidagi muzey fond saqlovchisining lavozim maoshi 1 178,6 ming soʻm miqdoridagi bazaviy lavozim maoshi hamda 15 foiz miqdorida moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan beriladigan 176,8 ming soʻm ustama bilan 1 355,4 ming soʻmni tashkil etadi. 

Tuman madaniyat va aholi dam olish markazi badiiy rahbarining lavozim maoshi 1 071,5 ming soʻm tarif stavkasidan, 15 foiz – 160,7 ming soʻm miqdorida moddiy ragʻbatlantirish jamgʻarmasi hisobidan beriladigan ustamalar bilan 1 232,2 ming soʻmni tashkil etadi..

Yuqorida qayd etilgan ish haqi miqdorlarida byudjet tashkilotining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobga olinmagan, sababi barcha byudjet tashkilotlari ham aholiga pullik xizmat koʻrsatish yoki ajratilgan byudjet mablagʻlarini tejash imkoniga ega emas. Byudjetdan tashqari mablagʻlar mavjud hollarda byudjet tashkilotlari rahbarlari qoʻshimcha ragʻbatlantirish (mukofot pullari, qoʻshimcha toʻlovlar, ustamalar va boshqalar) uchun toʻlovlarni amalga oshirish huquqiga ega.

Moliya vazirligi va uning hududiy boʻlinmalari byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlarini moliyalashtirish boʻyicha zarur choralar koʻrmoqda va ish haqlarining oʻz vaqtida toʻlanishi boʻyicha har oylik monitoring olib bormoqda.

Oxirgi o'zgartirish Dushanba, 28 May 2018 12:59

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Ishonch telefoni bo'yicha murojaatlar statistikasi

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ishonch telefoni orqali 2019 yil I chorak davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko'rib chiqish yuzasidan ma'lumot

Paris

Vazirlikka kelgan xatlar holatini ko'rish

Yangiliklar taqvimi

« Oktyabr 2019 »
Dush Sesh Chor Pay Jum Shan Yak
  1 2 3 4 5 6
7 8 9 10 11 12 13
14 15 16 17 18 19 20
21 22 23 24 25 26 27
28 29 30 31      

Axborot-hisoblash markazining tezkor aloqa raqami (0-371) 239 15 62

Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazining "UzASBO va "DMBAT" dasturiy majmualari bo'yicha "Tezkor aloqasi"

Statistika

Hozir 766 mehmonlar va ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi yo'q saytda

Arxiv

Ishonch telefonlariga bo'lgan qo'ng'iroqlarni baholash statistikasi

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, sichqoncha bilan belgilab, administratorni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

© 2019 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan olingan
ma'lumotlardan foydalanilganda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb sayti 
www.mf.uz ko‘rsatilishi shart. Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi AHM tomonidan amalga oshiriladi

DMC Firewall is developed by Dean Marshall Consultancy Ltd