РУССКИЙ  |  O'ZBEKCHA  |  ENGLISH                          

       O'zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi

Bosh sahifa

08
Sen 2017
5007 marta ko'rildi

Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosati ijrosining asosiy yoʻnalishlari press-relizi

2016 yilning 5 oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PF-4848-sonli “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini taʼminlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Unda “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun loyihasi, shuningdek bu sohadagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi bir qator (“Davlat xizmati toʻgʻrisida”gi, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi) Qonunlarni ishlab chiqish koʻzda tutilgan.

Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan Parlamentga “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi kiritildi. 2017 yilning 4 yanvar kuni qabul qilingan ushbu hujjat mamlakatimizdagi korruptsiyaga qarshi siyosatning qonunchilik asoslarini belgilab, u 6 ta bob va 34 moddadan tashkil topdi.

Qonunning asosiy maqsadi korruptsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish sohasidagi munosabatlarni kompleks ravishda tartibga solish hisoblanadi.

Qonunda belgilangan asosiy yoʻnalishlar davlat idoralari, tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korruptsiyaga qarshi kurashish choralarining samardorligini oshirish, jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaga oid hodisalarga yoʻl qoʻymaslik, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishdan iboratdir.

Qonunda korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosatining asosiy tamoyil va yoʻnalishlari mustahkamlab qoʻyildi, vakolatli idoralar tizimi belgilandi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari va yurtdoshlarimiz, shuningdek, xalqaro hamkorligini mazkur sohadagi ishtiroki mexanizmlari oʻrnatilib, bu boradagi masalalarga oydinlik kiritildi.

Ushbu Qonun ijrosi yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi (PQ-2752 02.02.2017 yil) va 2017 yil 14 martdagi PQ-2833-sonli “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorlari qabul qilindi.

Mazkur hujjat huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning taʼsirchan tizimini yoʻlga qoʻyish, qonun buzilishi holatlari profilaktikasi va ularni bartaraf etishning zamonga mos tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752-sonli Qarori bilan 2017-2018 yillarga moʻljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturi (bundan buyon – Davlat dasturi) tasdiqlandi va bu hujjat korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha asosiy dasturiy hujjat etib belgilandi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, Davlat dasturi loyihasini ishlab chiqishda barcha vazirlik va idoralar, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari, akademik va biznes-hamjamiyati vakillari faol ishtirok etdilar.

Davlat dasturi oʻzida 5 yoʻnalish va 51 ta korruptsiyaga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Jumladan:
1. Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish (9 ta qonun va 1 ta Milliy dastur qabul qilinishi nazarda tutilgan);
2. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish (5 ta reja, chora-tadbirlar majmui, jadvallar va 4 ta boshqa amaliy-tashkiliy choralarni qabul qilinishini nazarda tutadi);
3. Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlar (6 ta reja va 11 ta boshqa amaliy-tashkiliy tadbirlar qabul qilinishi nazarda tutilgan);
4. Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash va chek qoʻyish, ularning oqibatlari va imkon beruvchi sabablari hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish (8 ta turli amaliy-tashkiliy choralar qabul qilinishi nazarda tutilgan);
5. Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida tashkiliy choralar, tadqiqotlar oʻtkazish, xalqaro hamkorlikni amalga oshirish (1 ta reja va 5 ta boshqa amaliy-tashkiliy choralar qabul qilinishi nazarda tutilgan).

Davlat dasturida “Davlat xizmati toʻgʻrisida”gi, “Davlat-xususiy hamkorlik toʻgʻrisida”gi, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi, “Huquqiy axborotni tarqatish toʻgʻrisida”gi, “Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida”gi, “Jabrlanganlar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi, “Maʼmuriy tartib-tamoyillar toʻgʻrisida”gi va boshqa qonunlar qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Davlat dasturining 23-bandini bajarish doirasida davlat organlari tomonidan oʻz faoliyatini tizimli tahlili, korruptsiya xavfiga duchor boʻlgan soha va yoʻnalishlarni aniqlash, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslikning taʼsirchan choralarini koʻrish evaziga korruptsiyani oldini olish boʻyicha choralarni amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlib, hozirda bu borada barcha vazirlik va idoralar tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha idoraviy va tarmoq rejalari ishlab chiqildi va oʻrnatilgan tartibda tasdiqlandi.

Oʻz oʻrnida, “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonunning qoidalarini samarali bajarish, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olish choralarini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish, Davlat dasturi ijrosini taʼminlash borasida Oʻbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ham joriy yilning 1 aprelida 90-sonli buyrugʻi qabul qilindi va unga koʻra:

- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 2 fevraldagi PQ-2752-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2017-2018 yillarga moʻljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Davlat dasturini amalga oshirish boʻyicha amaliy harakatlar dasturi;
- Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimida korruptsiyaga qarshi tadbirlarning samaradorligini oshirish boʻyicha 2017 yilga moʻljallangan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Shuningdek, mazkur buyruqda vazirlikning ishonch telefoni va internetdagi veb-sayti faoliyatini takomillashtirish, davlat xizmatlarini koʻrsatish, shuningdek ishga qabul qilish jarayonlari shaffofligini taʼminlash, vakolatlarni suiisteʼmol qilish borasida eng zaif sohalarni aniqlash va aniqlangan havf-xatarlarni bartaraf etish, xodimlarning odob-axloq qoidalarni joriy etish, korruptsiyaning oldini olish masalalarida huquqiy savodxonlik va xabardorlikni oshirish, korruptsiyaga qarshi oʻqitish kabi choralarni amalga oshirish belgilab qoʻyildi.
Vazirlikning Markaziy apparatidagi kabi uning quyi pogʻonalari yaʼni hududiy moliya idoralarida ham 2016-2017 yillarga moʻljallangan korruptsiyaga qarshi chora-tadbirlar Kompleks rejalari ishlab chiqilib, oʻrnatilgan tartibda tasdiqlandi.

Hududiy korruptsiyaga qarshi kurashish borasida tasdiqlangan rejalarga muvofiq quyidagi yoʻnalishlarda tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan:
- hududiy moliya va gʻaznachilik idoralari, nazorat-taftish boshqarmalari, byudjet tashkilotlari xodimlarining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish;
- hududiy moliya va gʻaznachilik idoralari, nazorat-taftish boshqarmalari va ularning xodimlari oʻrtasida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymaslik;
- moliya organlari xodimlari tomonidan professional va xizmatdan tashqari faoliyatida odob-axloqqa oid yagona printsip va qoidalarni belgilovchi odob-axloq qoidalarni ijrosi samaradorligini oshirish;
- xodimlar manfaatlari toʻqnashuvini hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish va ularga amal qilish ustidan monitoring oʻtkazilishini taʼminlash;
- jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga rioya etish, murojaatlarning toʻliq, xolis va oʻz vaqtida koʻrib chiqish, oʻz vakolatlari doirasida jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari, erkinliklarini tiklash va qonuniy manfaatlarining himoya qilish ustidan tizimli nazoratni taʼminlash.

Qonun kuchga kirishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimida 2015 yilda tashkil etilgan korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha komissiyasi, 1-10-sonli ekspert guruhlari va ekspert guruhlarining ishlarini muvofiqlashtirish boʻyicha jamlanma ishchi guruhi tarkiblari  2017 yilda yangitdan tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Hayʼat va boshqa yigʻilishlarida muntazam ravishda Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha idoraviy Komissiyaning axborotini eshitish va vazirlikning tarkibiy tuzilmalar korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha faoliyatni baholash yoʻlga qoʻyilgan. Har chorakda muntazam ravishda Moliya vazirligi tizimida korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha Komissiya va uning Jamlanma ishchi guruhi, ekspert guruhlarning muvofiqlashtiruvchi uchrashuvlari va yigʻilishlari oʻtkazib kelinmoqda, jumladan bunday tadbirlar:
- 2016 yilning dekabr oyida yil yakunlari boʻyicha korruptsiyaga qarshi kurashish chora-tadbirlarni amalga oshirilishining natijalari haqida kengaytirilgan majlisi;
2017 yilning 27 mart kuni rejalar loyihalari va reyting natijalari muhokamasiga bagʻishlangan majlisi;
2017 yilning 20 iyul kuni Davlat dasturi hamda 2016-2017 yillarga moʻljallangan Kompleks rejaning joriy yilning birinchi yarimida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijalari toʻgʻrisida hisobot eshituvi shular jumlasidandir.

Oʻtkazilgan yigʻilish va tahlillar natijalariga koʻra sohadagi korruptsiyaga oid muammolar, korruptsiyani keltirib chiqaruvchi sabab va shart-sharoitlarni oldini olish va bartaraf etishga yoʻnaltirilgan takliflar shakllanishiga amaliy koʻmak koʻrsatdi.

Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida Moliya vazirligi mansabdor shaxslari va xodimlarining huquqiy savodxonligi va huquqiy bilimlarini oshirishga qaratilgan kompleks tadbirlar ishlab chiqilib, ular samarali amalga oshirilmoqda. Bu tadbirlar 2015 yildan boshlab Moliya vazirligi huzuridagi Oʻquv markazining malaka oshirish kurslarida “Korruptsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari” mavzusi boʻyicha oʻquv mashgʻulotlarida oʻz aksini topmoqda.

Jumladan, 2016-2017 yillarda Moliya vazirligi tizimi xodimlari uchun xususan moliya, gʻaznachilik, byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi, nazorat taftish boshqarmalari rahbar va zahiradagi kadrlarga, shuningdek byudjet tashkilotlarining moliya-hisob xodimlariga “Korruptsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari” mavzusida maxsus oʻquv kurslari oʻqitib kelinmoqda.

Yuqoridagilarga qoʻshimcha ravishda 2017 yildan maxsus kursga “Davlat organlari va Moliya vazirligi xodimlarining odob-axloq qoidalari” mavzusi ham kiritildi va ushbu mavzu bilan Oʻquv markazida malakasini oshirayotgan 65 toifaga mansub tinglovchilar qamrab olindi.

Davlat organlari mutaxassislarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlariga korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida maxsus oʻquv dasturlari va mashgʻulotlarini olib borishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Bu borada Uquv markazi tomonidan Moliya vazirligi, byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi, Xalq taʼlimi, Sogʻliqni saqlash, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim vazirliklari tizimidagi byudjet tashkilotlarining moliya-hisob xodimlarining har xil toifalarini malakasini oshirish uchun namunaviy oʻquv va ishchi dasturlari, taqdimotlar, maʼruza matnlari va texnologik xaritalari ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Joriy yilning 1 yarim yilligida “Korruptsiyaga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlari” maxsus kurslarda 73 ta guruhda 1913 nafar tinglovchilar malaka oshirdilar. Ulardan 76 nafari kadrlar zahirasi xodimi, 184 nafari – moliya xodimi, 265 nafari – gʻaznachilik xodimi, 52 nafari – nazorat-taftish boshqarmalari xodimi, 147 nafari Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasi, 1179 nafari – byudjet tashkilotlarining moliya-hisobot xodimlaridir.

Shu bilan birga, Oʻquv markazi tomonidan “Davlat byudjeti gʻaznachilik ijrosi va davlat moliyasini boshqarish masalalari boʻyicha darslik va oʻquv qoʻllanmalari tizimini ishlab chiqish” innovatsion loyihasi amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyihaning maqsad va vazifalari, moliya-gʻaznachilik xodimlari hamda byudjet tashkilotlarining moliya-hisob boʻlinmalari xodimlariga korruptsiya xatti-harakatlarini amalga oshirishga sharoit yaratib beruvchi holatlarini bartaraf etish va profilaktika masalalarida tegishli bilim va koʻnikmalarini hosil qilishga qaratilgandir.

2017-2018 yillarga moʻljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat Dasturida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda moliyaviy nazorat institutlarini, tashqi va ichki auditni yanada mustahkamlash, ular tomonidan korruptsiyaga qarshi tadbirlarda ishtirokini kuchaytirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar doirasida Moliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Taʼlim va tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish mexanizmini hamda davlat moliyaviy nazoratini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” 3231-sonli Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori tayyorlangan.

Ushbu Qaror taʼlim va tibbiyot muassasalarida moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish, buxgalteriya va byudjet hisobi tizimini tartibga solish, byudjet intizomini mustahkamlashda byudjet mablagʻlarini taqsimlovchi vazirlik va idoralar, ular quyi tashkilotlarining masʼuliyatini oshirish, byudjet ijrosi jarayonida jamoatchilik nazoratini oshirish va shaffoflikni taʼminlash, shuningdek davlat moliyaviy nazoratining byudjet tizimi jarayonini tashkil etishdagi rolini kontseptual jihatdan qayta koʻrib chiqishga, zamonaviy axborot texnologiyalari va xalqaro eʼtirof etilgan moliyaviy nazorat standartlarini joriy etish hamda byudjet qonunchiligini buzish holatlari oldini olish profilaktikasini taʼminlashning zamonaviy mexanizmlari va uslublarini joriy etishga qaratilganligidadir.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Moliya vazirligi tizimida korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, ularga chek qoʻyish, ularning oqibatlarini va imkon beruvchi sabablarini hamda shart-sharoitlarni bartaraf etish boʻyicha maqsadli ishlar olib borilmoqda va 2017-2018 yillarga moʻljallangan korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat Dasturida belgilangan vazifilar ijrosining taʼminlanishi tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tizimida
Korruptsiyaga qarshi kurashish boʻyicha komissiyasi

Oxirgi o'zgartirish Juma, 08 Sentyabr 2017 12:00

Izoh qoldiring

Make sure you enter the (*) required information where indicated. HTML code is not allowed.

Biz ijtimoiy tarmoqlarda

Ishonch telefoni bo'yicha murojaatlar statistikasi

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ishonch telefoni orqali 2019 yil I chorak davomida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni ko'rib chiqish yuzasidan ma'lumot

Paris

Vazirlikka kelgan xatlar holatini ko'rish

Yangiliklar taqvimi

« Avgust 2019 »
Dush Sesh Chor Pay Jum Shan Yak
      1 2 3 4
5 6 7 8 9 10 11
12 13 14 15 16 17 18
19 20 21 22 23 24 25
26 27 28 29 30 31  

Axborot-hisoblash markazining tezkor aloqa raqami (0-371) 239 15 62

Moliya vazirligi Axborot-hisoblash markazining "UzASBO va "DMBAT" dasturiy majmualari bo'yicha "Tezkor aloqasi"

Statistika

Hozir 435 mehmonlar va ro'yxatdan o'tgan foydalanuvchi yo'q saytda

Arxiv

Ishonch telefonlariga bo'lgan qo'ng'iroqlarni baholash statistikasi

Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, sichqoncha bilan belgilab, administratorni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

© 2019 O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi. Barcha huquqlar himoyalangan. Saytdan olingan
ma'lumotlardan foydalanilganda O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining rasmiy veb sayti 
www.mf.uz ko‘rsatilishi shart. Saytni ishlab chiqish va qo'llab-quvvatlash Moliya vazirligi AHM tomonidan amalga oshiriladi

DMC Firewall is a Joomla Security extension!