Mamlakatimizga tashrif buyurgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Xi Te rahbarligidagi delegatsiya a’zolari 10 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Dilorom Toshmuhamedova bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalar ko‘plab yo‘nalishlarda, jumladan, parlamentarizm sohasida ham izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muzokara davomida mehmonga O‘zbekistonning ikki palatali parlamenti faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berildi. Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan va bosqichma-bosqichlik tamoyiliga asoslangan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” o‘zining yuksak samaralarini berayotgani alohida ta’kidlandi. O‘zbekistonda izchil amalga oshirilayotgan islohotlar mutanosib va barqaror rivojlanishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida parlamentarizm yo‘nalishidagi hamkorlikni rivojlantirish maqsadida 1995 yili Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasida “Koreya-O‘zbekiston” do‘stlik assotsiatsiyasiga asos solingan. Mazkur assotsiatsiya bu borada o‘zaro tajriba va axborot almashish orqali parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga faol hissa qo‘shmoqda.
– O‘zbekistonga 10 yil avval ham kelgan edim, – dedi Pak Xi Te. – O‘shanda mamlakatingizning go‘zal va xushmanzara tabiati, betakror tarovati menda unutilmas taassurot qoldirgan. Shu vaqt mobaynida O‘zbekiston barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishganiga guvoh bo‘ldim. Qisqa fursatda O‘zbekiston yuksak iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erisha oldi. Bunda mamlakatingizda mavjud siyosiy barqarorlik muhim omil bo‘layotir. Bu muvaffaqiyatlarning barchasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov yuritayotgan oqilona siyosat samaralaridir. Bu yil O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 20 yil to‘ladi. Bu vaqt davomida mamlakatlarimiz hamkorlikda katta yutuqlarga erishdi, ikki tomonlama munosabatlar barcha sohalarda jadal rivojlandi, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi muttasil oshdi. O‘zbekistonda ko‘p sonli koreys diasporasi istiqomat qiladi. Millatdoshlarimizga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun O‘zbekiston rahbari va xalqidan behad minnatdormiz. Bugungi kunda O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlari hamkorligida qator istiqbolli iqtisodiy loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani juda quvonarlidir. Jumladan, “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida ko‘plab koreyalik ish odamlarining erkin va faol ish yuritayotgani mamlakatlarimiz biznesmenlari o‘rtasidagi o‘zaro samarali hamkorlik izchil taraqqiy etayotganidan dalolatdir. O‘zbekiston bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish tarafdorimiz.
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Ilgizar Sobirov bilan ham uchrashdi. Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlashda parlamentlararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shu kuni Pak Xi Te poytaxtimizdagi Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Mehmon ushbu maydonda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlariga yuksak baho berdi.
Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Temuriylar tarixi davlat muzeyida Sohibqiron va uning avlodlari haqida hikoya qiluvchi eksponatlar bilan tanishdi.
Ma'lumot manba'i: uza.uz










